14:34 / 30.09.2021
63638

23 yil davomida qidiruvda bo‘lgan terrorchi qo‘lga olindi. U 16 fevral portlashlarida ishtirok etishda ham ayblangan

1999 yilda Toshkentda uyushtirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida qatnashgan va boshqa jinoyatlarni sodir etishda ayblangan shaxs DXX tomonidan qo‘lga olingani ma'lum qilindi. Qayd etilishicha, 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan bu shaxs xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan.

«Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkiloti a'zosi ekani aytilayotgan bu shaxs O‘zbekiston hududida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan.

1969 yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan ushbu shaxs 1998 yil boshlarida Chechenistonga borib, iordaniyalik Amir Hattob tomonidan tashkil qilingan jangarilar lagerida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. O‘sha yil oxirlarida Afg‘onistondagi «Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shiladi.

1999 yilning yanvarida tashkilot yetakchilari ko‘rsatmasi bilan u aylanma yo‘llar orqali Toshkent shahriga kelib, badavlat odamlarning uylarida bosqinchiliklar amalga oshirgan hamda ularning pul va qimmatbaho buyumlarini o‘zlashtirib, Afg‘onistondagi «Turkiston islom harakati» yetakchilariga yuborgan.

U 1999 yilning 16 fevral va 30 mart kunlari Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ham ishtirok etgan. Shuningdek, 1998-2006 yillarda xorijiy davlatlardagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, ayni paytda ushbu shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1999 yil 16 fevralda Toshkent shahrining bir necha hududida, jumladan, Mustaqillik maydonidagi hukumat binosi yaqinida kuchli portlashlar sodir bo‘lgandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, buning oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 100dan ortiq odam jarohat olgan.

Ushbu hodisa O‘zbekiston rasmiylari tomonidan terakt hamda mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov hayotiga suiqasd deb baholangan. Hukumat portlashda O‘zbekiston islomiy harakatini ayblagan. 2000 yil yanvarida portlashda ayblangan bir necha shaxs qatl etilgani ma'lum qilingan.

Top