18:55 / 30.09.2021
6747

“Issiqlik elektr stansiyalari” keyingi besh yillik uchun qo‘yilgan vazifalar taqdimotini o‘tkazdi

Bugun Tashkent City Congress Hall saroyida “O‘zbekiston: Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” mavzusidagi O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning so‘nggi besh yilda mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi islohotlar, investitsiya dasturlari natijadorligi, transformatsiya jarayonlari va 2022 – 2026 yillar uchun istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz rahbarining bevosita sa’y-harakatlari bilan bugun yurtimizda elektr energetikasi sohasida ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz. Birgina misol, 2016 yilgacha yangi joriy etilgan zamonaviy uskunalarning umumiy quvvati sohada 505 MVt (jami ishlab chiqarish quvvatlarining 5,45 foizi)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-2021 yillarda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari natijasida qo‘shimcha 3 204 MVt yangi quvvatlar ishga tushirilib energotejamkor, eng zamonaviy-energosamarador uskunalarning umumiy quvvati 3 709 MVtga yetdi va issiqlik elektr stansiyalarining umumiy quvvatining 31,7 foizini tashkil qilmoqda. 

O‘tgan besh yil mobaynida Tolimarjon, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh stansiyalarida yangi qurilmalar joriy etildi, Sirdaryoda bloklar modernizatsiyasining ikkita bosqichi yakunlanib, yakuniy ishlar amalga oshirilmoqda. Vodiy aholisi farovonligini ta’minlash maqsadida To‘raqo‘rg‘on stansiyasi bunyod etildi, Farg‘ona issiqlik elektr markazida zamonaviy gaz-turbina uskunalari ishga tushirildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun jami 4,75 mlrd. AQSh dollari sarflandi. 

Buning natijasida, yangi qurilmalarda yoqilg‘i ikki barobar kam sarflanib, natijada mahsulot tannarxi pasayishiga erishilmoqda.

Energotejamkor qurilmalar joriy etilishi natijasida 1,5 trln so‘mga teng 3,8 mlrd kubometr tabiiy gaz iqtisod qilindi.

Shu bilan birga, bugun “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hayotida kechayotgan transformatsiya jarayonlari va 2022 – 2026 yillar uchun istiqboldagi vazifalar ham ishtirokchilarga taqdim etildi.

Bu yo‘nalishda “katta to‘rtlik” auditorlik kompaniyalari guruhiga kiruvchi KPMG va Deloitte xalqaro konsalting kompaniyalari bilan ishlar olib borilmoqda, hamkorlar taqdim etayotgan tahlillar faoliyatni yangi bosqichga ko‘tarishga yordam berishi shubhasiz.

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) joriy etilishi bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilib, 50 ga yaqin buxgalterlar uchun xalqaro tan olingan reytinglarni qo‘lga kiritish uchun o‘quv kurslari tashkil qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini va Jamiyat faoliyatining ochiqligi, shaffofligini ta’minlash borasida ham chora-tadbirlar olib borilmoqda. Ayni paytda, “Cert academy group” tomonidan ISO 37001:2016 xalqaro standarti sertifikati “Issiqlik elektr stansiyalar” AJ markaziy apparati vakillariga topshirildi.

 “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi va raqamli transformatsiya dasturini samarali tashkil etish bo‘yicha xalqaro va mahalliy hamkorlar, jumladan “Iks xolding”,  “Mars Solutions”, “SAP SNG” va “SAPRUN” kompaniyalari bilan ish olib borilmoqda.

Taqdimot marosimida YeTTB, Mitsubishi Corporation, KPMG kabi nufuzli xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi va mamlakatimizda issiqlik elektr stansiyalari sohasini rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Top