00:29 / 02.10.2021
4316

Argentinaning sobiq prezidenti Maurisio Makriga mamlakatni tark etish taqiqlab qo‘yildi

Foto: Reuters

Argentinalik sudya Martin Bava Argentinaning sobiq prezidenti Maurisio Makrini noqonuniy kuzatuv olib borish ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqirtirdi va unga mamlakatni tark etishni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda La Nacion nashri ma'lum qildi.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Argentinaning federal razvedka agentligi 2017-2018 yillarda “San Xuan” suvosti kemasi ekipaji a'zolarining qarindoshlari ortidan kuzatuv olib borgan. Kema 2017 yil noyabrda cho‘kib ketgandi.

Sudyaning ta'kidlashicha, kuzatuv olib borish borasida qaror qabul qilish uchun javobgarlik nafaqat razvedka, balki Argentinaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Makri zimmasida ham yotadi.

Makri sudga 7 oktyabrda kelishi belgilangan. Ayni vaqtda u AQShda qolmoqda.

Bortida 44 kishi bo‘lgan “San-Xuan” suvosti kemasi 2017 yil 15 noyabrda aloqaga chiqmay qo‘ygan. Kema yo‘qolgan kun ekipaj qo‘mondonlikka kemaning akkumulyator bo‘lmasiga suv kirgani, bu qisqa tutashuvga va uning natijasida yong‘inga olib kelganini ma'lum qilgan.

Kemani qidirishda 18 ta davlat kemalari va aviatsiyasi ishtirok etgan. AQShning Ocean Infinity xususiy kompaniyasi kemani bir yil o‘tgach, 2018 yil noyabrda 907 metr chuqurlikda aniqlagan.

Maurisio Makri Argentinaga 2015 yil dekabrdan 2019 yil dekabrgacha prezidentlik qilgan.

Mavzuga oid
Top