19:10 / 04.10.2021
15944

“Ayni oylik va avans payti UzASBO ishlamaydi” – Budjet tashkilotlari hisobchilari dasturdan norozi bo‘lishmoqda

Kun.uz’ga murojaat qilgan bir qancha davlat tashkilotlari hisobchilari xodimlarga oylik ish haqi va avans to‘lash paytida Moliya vazirligining UzASBO dasturi ishlamay qolishi, buning natijasida maoshlar kechikishi borasida gapirib berishdi. Ular muammo uzoq vaqtdan buyon yechimini topmayotganidan norozi bo‘lishmoqda.

Foto: KUN.UZ

Har oyda shu bo‘lar takror, har oy ham shunday o‘tadi…

Kun.uz’ga murojaat qilgan va shaxsi sir saqlanishini so‘ragan budjet tashkilotlari hisobchilari har oy UzASBO’dagi texnik nosozliklardan aziyat chekishini ma'lum qilishgan. Ulardan bir nechtasini keltirib o‘tamiz.

Budjet tashkilot hisobchilari nomidan sizlarga yozyapman. O‘zim Buxoroda davlat tashkilotida hisobchiman. Biz davlat tashkiloti bo‘lganimiz uchun UzASBO dasturida xodimlarning oylik maoshlarini hisoblaymiz. Lekin 1 yildan buyon har oy bir xil muammo bizni qiynaydi. Aynan oyning 15 sanasi, ya'ni avans vaqtida va oyning oxiri 30–31 sanasi hamda keyingi kunlarda oylik ish haqlarini hisoblayotgan paytimizda UzASBO dasturi umuman ishlamay qoladi. Shu sababli kunma-kun oyligini kutadigan oddiy xodimlarning ish haqlarini hisoblash, to‘lash kechikadi. Mana bu oy ham 4 oktyabr sanasi yetib keldi hamki dastur umuman ishlamayapti, natijada ish haqlari kechiqmoqda.

Yana bir murojaatchi buxorolik hisobchining fikrlarini takrorlaydi.

“Serverlar o‘tgan yilning boshida almashtirilgandi. Shundan beri har oy avans va ish haqi payti UzASBO muammosi bizni qiynaydi. Texnik nosozlik sabab kuni bilan shu dasturga tikilib o‘tiramiz, qachon ishlarkan deb”, deydi murojaatchi.

Bugun, 4 oktyabr kuni UzASBO bo‘yicha telegramdagi savollar guruhida hisobchilar faqat shu masala bo‘yicha murojaat qoldirishgan.

Yana bir hisobchi ayni shu guruhda UzASBO mutaxassislari 2021 yil may oyida serverlar o‘zgartirilishini, shundan keyin dasturda muammo yuzaga kelmasligini aytishgani haqida gapirdi. Ammo muloqotdan tushunish mumkinki, serverlar o‘zgartirilmagan.

Moliya vazirligi mas'ulining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, har oyning 1–5 sanalarida hammaga oylik hisoblab tushgunicha hamda 14–16 sanalarda avans tushguncha biroz texnik nosozlik bo‘ladi. “Chunki bu paytda butun Respublika bo‘yicha jarayon ketgani uchun dasturga bosim bo‘ladi”, – deya holatni izohladi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Moliya vazirligi matbuot xizmati texnik muammolar kuzatilganiga qaramay, dastur ishlashda davom etayotganini ta'kidladi. Kun.uz’ga murojaat qilgan hisobchilar esa soat 18 ga yaqinlashganiga qaramay dastur ishlamayotganini aytishdi.

“Bu ketishda sentabr oyi uchun xodimlarning ish haqi oktyabrning 6-7-sanasigacha kechikishi ham hech gap emas. Lekin shuncha paytdan beri bo‘layotgan e'tirozlarga qaramay, har oyda shu muammo takrorlanaveradi. UzASBO mas'ullari hisobchilarning e'tirozlaridan keyin guruhda yozish imkoniyatini cheklab qo‘yishdi. Lekin bu bilan muammo hal bo‘lib qolgani yo‘q. Dasturni boshidan takomillashtirish kerak”, – deydi yana bir hisobchi.

Butun dunyo raqamlashayotgan bir paytda bitta dastur “kichkina texnik nosozlik” tufayli har oy ishlamay qolishi mas'ullarni o‘ylantirishi shart bo‘lgan masala emasmi?

Ma'lumot uchun, ushbu dastur Moliya vazirligi tomonidan budjet tashkilotlari buxgalteriya hisobini yurituvchi dasturiy majmua sifatida 2011 yilda foydalanishga topshirilgan.

Top