19:55 / 04.10.2021
26082

Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimovning tarjimayi holi

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod – Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov.

Bahrom Abduhalimov 1959 yil 27 fevralda Toshkent shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan.

Millati – o‘zbek.

Ma'lumoti – oliy. 1981 yilda Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetini tamomlagan. Ixtisosligi – filolog-sharqshunos, arab va ingliz tillari o‘qituvchisi. Tarix fanlari doktori, professor.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Liviya Arab Respublikasida arab tili tarjimonligidan boshlagan. 1983–1987 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida kichik ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan, 1987–1990 yillarda harbiy xizmatni Yaman Arab Respublikasida harbiy tarjimon vazifasida o‘tagan.

B.A. Abduhalimov 1990–2002 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, 2002–2003 yillarda direktor o‘rinbosari, 2003–2004 yillarda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining prorektori, 2004–2006 yillarda Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori, 2006–2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining millatlararo munosabatlar masalalari va din ishlari bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

2008 yildan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida direktor, 2011 yildan Fanlar akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi bo‘yicha vitse-prezidenti, 2020 yildan O‘zbekiston «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

B.A. Abduhalimov – Markaziy Osiyo tarixi, fan tarixi, islom, sharq qo‘lyozma asarlari, arab davlatlari, arab tili sohalari bo‘yicha yirik mutaxassis.

Oksford islom tadqiqotlari markazining «Imom al-Buxoriy» (1996), Britaniya Kengashining «Chevening» (1997), Janubiy Koreyaning «KOISA» (2001) stipendiyalariga sazovor bo‘lib, ushbu mamlakatlarda malaka oshirish kurslarini o‘tagan. Ilmiy tadqiqotlarining natijalari 100ga yaqin ilmiy maqola, risola va monografiyalarda o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida e'lon qilingan.

B.A.Abduhalimov 2020 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Matbuot xizmati Ⓣ

Top