21:41 / 05.10.2021
11958

Saakashvili Gruziya xalqi va Zelenskiyga murojaat qildi

Gruziyaning sobiq prezidenti, Tbilisida 1 oktyabrda hibsga olingan Mixail Saakashvili Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga maktub orqali murojaat qildi. U murojaatda o‘zini “Putinning tutquni” deb atagan.

Foto: Facebook

Maktub 3 ta tilda: ukrain, rus va ingliz tilida yozilgan bo‘lib, Saakashvilining Facebook’dagi sahifasida paydo bo‘lgan.

“Hurmatli Vladimir Aleksandrovich. Mening soxta ayblovlar bo‘yicha Gruziyada noqonuniy hibsga olinishim va turmaga qamalishimga bildirgan so‘zlaringiz va oliy darajadagi davlat arbobi sifatidagi munosabatingizdan g‘oyat minnatdorman. Ushbu ayblovlarni dunyoda Rossiyadan boshqa biror davlat tan olmaydi.

Men Gruziyani hayotimdan yaxshi ko‘raman, biroq ikkinchi vatanim, hayotimning ko‘p yilini o‘tkazgan, oilam va do‘stlarim yashaydigan, fuqaroligini olgan Ukrainani ham juda yaxshi ko‘raman va qadrlayman. Men siz amalga oshirayotgan tarixiy o‘zgarishlar va islohotlarga o‘zimning kamtarona hissamni qo‘shganimdan butun umr faxrlanaman.

Men Putinning shaxsiy tutquni hisoblanganim uchun Ukrainani, butun mintaqa va imperiyaning barcha tutqunlarini himoyalashdagi qat'iy pozitsiyangizni juda yuqori baholayman. Hurmat bilan Mixail Saakashvili”, deb yozgan o‘z maktubida sobiq prezident.

Keyinroq Saakashvili Facebook’da Gruziya xalqiga ham murojaat qoldirgan.

“Men Gruziya fuqarolari qat'iy qarorim haqida bilishlarini istayman. Men Gruziyaga xalqimizga erkinlik va demokratiyani tiklashda yordam berish uchun qaytdim. Kutilganidek, meni hibsga olishdi. Men panjara ortida ham ozod odam bo‘lib qolmoqdaman. Sizga ma'lumki, men ochlik e'lon qildim va shuni bilishingizni istardimki, men har qanday vaziyatda, meni deb hibsga olingan odamlar ozod etilmagungacha to‘xtamayman. Men hayotni yaxshi ko‘raman, biroq bu ochlikni hayotim yakunlanmaguncha davom ettiraman.

Agar men xalqimga mavjudligim bilan yordam bera olmasam, Gruziya uchun yashash ham, o‘lish ham kerakligini isbotlash uchun o‘zimni qurbon qilishga tayyorman. Men nimaga borayotganimni bilaman. O‘z oilamni va yaqinlarimni ranjitmoqchi emasman, biroq hushimni yo‘qotsam oldindan har qanday tibbiy yordamdan bosh tortdim. Men buni sizni ranjitish uchun emas, aksincha faolroq bo‘lishingiz uchun yozmoqdaman. Men barchangizni yaxshi ko‘raman”, deb ta'kidlab o‘tgan Saakashvili.

Avvalroq Zelenskiy Saakashvili Ukraina fuqarosi bo‘lgani uchun uning Ukrainaga qaytarilishi bilan shaxsan shug‘ullanishini aytgan. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Saakashvili yuqori davlat lavozimini egallagani sababli uning ogohlantirishsiz ketib qolganini qoralagan.

Gruziyaning sobiq prezidenti vataniga qaytgach, 1 oktyabrda hibsga olingandi. Hozir u Rustavi shahridagi turmada ushlab turilibdi va u yerda ochlik e'lon qilgan. Unga qo‘ng‘iroqlar amalga oshirish taqiqlab qo‘yilgan. Saakashvili prokuraturaning bu taqiqlovini “sharmandali va noqonuniy” deb atagan.

Gruziyada Saakashviliga qarshi bir nechta jinoiy ish olib borilmoqda. Respublikaning hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi yetakchisi Irakliy Kobaxidzening ta'kidlashicha, Saakashvili Gruziyaga qaytgach, davlat to‘ntaruvini amalga oshirmoqchi bo‘lgan.

Top