10:45 / 05.10.2021
59508

Sinoptiklar O‘zbekistonda oktyabr oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma'lumot berdi

Bu yil oktyabr oyi keskin sovuqdan boshlandi. Hududga Rossiyaning Yevropa hududi Markaziy qismidan kelgan sovuq havo massasi havo haroratini birdaniga 10-12 darajaga pasaytirdi. Kechalari termometr ustuni 3-6 darajagacha pasaydi, Qoraqalpog‘iston shimoliy hududlarida esa birinchi kuzgi sovuq kuzatildi. Kunduz kungi harorat 15-18 daraja iliqdan oshmadi.

Foto: KUN.UZ

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, shu hafta oxirigacha Rossiyaning Yevropa qismi ustida joylashgan keng ko‘lamli sovuq antitsiklon ta'siri saqlanib turadi. O‘zbekistonda past harorat fonida harorat biroz o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Bulutli va yog‘ingarchilik kuzatiladigan ob-havoda kunduz kunlari harorat 13-16 daraja iliqqacha pasayadi, havo ochiq bo‘lganda esa 19-22 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Kechalari harorat 5-10 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlik oxirigacha o‘rtacha havo harorati ushbu davr uchun me'yoriy qiymatlardan 2-4 darajaga past bo‘ladi.

5 oktyabrda O‘zbekiston shimolida, 6 va 8-9 oktyabrda respublika markaziy hududlarida va Farg‘ona vodiysida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. 6-9 oktyabrda tog‘oldi va tog‘li hududlarda jadalligi kuchli bo‘lgan yomg‘ir yog‘adi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Ushbu kunlarda tezligi birozdan o‘rtachagacha bo‘lgan asosan sharqiy yo‘nalishdagi shamol esadi, shimolda va cho‘l hududlarida 15-20 m/s gacha kuchayadi.

So‘ng, oktyabr oyi oxirigacha harorat o‘zgarib turishi kutilmoqda – eng issiq kunlarda harorat 22-27 daraja issiqqacha ko‘tariladi, eng sovuq kunlarda harorat 13-18 daraja iliqqacha pasayadi. Kechalari harorat 5-10 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Uchinchi o‘n kunlikda ba'zi joylarda 1 daraja sovuqqacha bo‘lishi mumkin. Oktyabr oyi harorat tartibi bo‘yicha me'yor atrofida, ba'zi joylarda me'yordan 1-1,5 darajaga past bo‘lishi kutilmoqda.

Iqlimiy me'yorlarga asosan, O‘zbekiston janubiy viloyatlari bo‘yicha oktyabr oyida 3 kundan 5 kungacha, qolgan hududlarda 5 kundan 7 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladi. Oktyabr oyida yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi, ammo keskin sovuq bo‘lishida yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi mumkin. Oxirgi marta 2018 yilning oktyabr oyida Toshkentda yomg‘ir qorga aylanishi kuzatilgan.

Kechalari havo haroratining o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlari 6-11 daraja iliqni tashkil etadi, kamdan kam hollarda oktyabr oyida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi. 

Oktyabr oyida havo harorati odatda 23-28 daraja issiqdan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Ba'zida harorat haqiqiy qiymatlari yoki yog‘ingarchilik miqdori ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha qiymatlardan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.

Qayd etilishicha, Toshkentda butun bir asrdan ko‘proq meteorologik kuzatuvlar tarixida, ayrim yillarda oktyabr oyida maksimal havo harorati qiymatlari 33-36 daraja issiqqa yetgan. Oktyabr oyi haroratining mutlaq maksimumi 37,5 daraja issiqni tashkil etadi, bunday harorat 1941 yilda kuzatilgan.

Oktyabr oyida Toshkent uchun minimal harorat bo‘yicha rekord 11,2 daraja sovuqni tashkil etadi, lekin bu o‘tgan asrning boshlarida bo‘lgan. Oxirgi 20 yilda Toshkentda minimal harorat 1-2 daraja sovuqdan pastga tushmagan. 2015 yilning oktyabr oyida Toshkentda oyning 3,5 yog‘ingarchilik miqdori yog‘gan, bunda bir kunda bir oylik me'yor (25 mm) kuzatilgan. Bu oxirgi 20 yil ichidagi eng yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan oktyabr oyidir. Ammo o‘tgan yil oktyabr oyida Toshkentda umuman yog‘ingarchilik bo‘lmagan.

Mavzuga oid
Top