10:19 / 05.10.2021
6369

Tsukerberg Facebook va Instagram ishidagi uzilishlar sababli bir kun ichida 7 mlrd dollar yo‘qotdi

Facebook kompaniyasi asoschisi Mark Tsukerberg kompaniyaga tegishli Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari va WhatsApp messenjeri ishidagi uzilishlar sababli 4 oktyabrda 7 mlrd dollar yo‘qotdi.

Foto: Getty Images

Bloomberg axborot agentligining xabar berishicha, nosozliklardan keyin Tsukerbergning boyligi bir necha soat ichida 7 mlrd dollarga kamayib, 120,9 mlrd dollargacha qisqarib ketgan. Buning oqibatida u Bloomberg’ning dunyoning eng badavlat odamlari ro‘yxatida 3-o‘rindan 5-o‘ringa tushib ketgan.    

Ta'kidlanishicha, Facebook’ga tegishli xizmatlar ishidagi muammolar sababli kompaniya aksiyalari 5 foizga arzonlashib ketgan.

Ayni vaqtda xizmatlar ishi tiklangan. Tsukerberg foydalanuvchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

“Facebook, Instagram, WhatsApp va Messenger tarmoqqa qaytmoqda. Bugungi kungi nosozlik uchun uzr so‘rayman. Men yaqin odamlaringiz bilan aloqada qolish uchun xizmatlarimizga qanchalik ishonganingizni bilaman”, deb yozgan Tsukerberg Facebook’dagi sahifasida.

4 oktyabrda Toshkent vaqti bilan soat 18lar atrofida Facebook, Instagram va WhatsApp ishida global nosozliklar kuzatildi. Dunyo bo‘ylab o‘n millionlab foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlar ishida uzilishlar kuzatilayotganini ma'lum qilishgan.

Ta'kidlanishicha, Facebook xizmatlari ishida 7 soat davom etgan uzilish bungacha qayd qilingan uzilishlar ichida eng keng ko‘lamlisi bo‘lgan.

Keyinroq uzilishlarga konfiguratsiyaning xato o‘zgartirilishi sabab bo‘lgani ma'lum qilingan. Ta'kidlanishicha, buning oqibatida foydalanuvchilar ma'lumotlariga zarar yetmagan. 

Mavzuga oid
Top