15:34 / 07.10.2021
22948

Abdulaziz Komilov Kobulda «Tolibon» rasmiylari bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 7 oktyabr kuni Afg‘oniston Islom Amirligi Tashqi ishlar vaziri v.b. Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tolibon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Abdul Qahhor Balxiy tvitterda ma'lum qildi.

Foto: Twitter / Abdul Qahar Balkhi

E'lon qilingan suratlarda Abdulaziz Komilovga prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va boshqa delegatsiya vakillari hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin. Kun.uz manbalariga ko‘ra, uchrashuv Afg‘oniston poytaxti Kobulda bo‘lib o‘tgan.

Amir Xon Muttaqiy mamlakatdagi vaziyat o‘z iziga tushayotganini aytib o‘tgan, shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosati boshqa omillarga bog‘liq emasligiga ishonch bildirgan.

Abdulaziz Komilov Afg‘oniston Islom Amirligi tez kunlarda xalqaro hamjamiyatda o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lishi va O‘zbekiston savdo, tranzit va energetika sohasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlariga sodiq qolishini ta'kidladi.

Foto: Twitter / Abdul Qahar Balkhi

«Tolibon» rasmiysi Mozori Sharif aeroporti rekonstruksiyasi va boshqa yordamlar uchun O‘zbekiston tarafiga minnatdorchilik izhor etgan.

Foto: Twitter / Abdul Qahar Balkhi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozircha bu uchrashuv yuzasidan rasmiy ma'lumot bermadi.

Joriy yilning 2 oktabr kuni O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya ham Kobulda «Tolibon» tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy bilan uchrashgan edi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar, xususan, Mozori Sharif va Qobul aeroportlarini rekonstruksiya qilish va ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlarni tiklash masalasi ko‘rilgan.

Top