15:39 / 07.10.2021
11334

Bolalarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslarni qanday nazorat qilish mumkin?

Toshkent metrosida begona erkak voyaga yetmagan qizga nisbatan behayo harakatlar qilgani – bolalarni jinsiy tusdagi jinoyatlardan himoyalash bo‘yicha yangi huquqiy mexanizmlarga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.

Foto: IIB axborot xizmati

Bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning sog‘lom muhitda kamol topishi uchun sharoit yaratib berish jamiyat va davlatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 3-moddasiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar (shu jumladan O‘zbekiston) ota-ona, vasiy yoki qonun bo‘yicha bolaga mas'ul bo‘lgan boshqa shaxslarning huquq va majburiyatlarini e'tiborga olgan holda bolani uning sog‘lom unib-o‘sishi uchun zarur bo‘lgan himoya va g‘amxo‘rlik bilan ta'minlash va ushbu maqsadda tegishli qonuniy va ma'muriy choralarni ko‘rish majburiyatini oladi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosining “Olmazor” bekatida voyaga yetmagan qizga nisbatan noma'lum erkak tomonidan behayo harakatlar qilingani holati jiddiy muhokamaga sabab bo‘lgan edi. Aniqlanishicha, behayo harakat qilgan shaxs bir necha jinoyatlarni sodir etgani uchun oldin sudlangan ekan.

Ta'kidlash lozimki, ushbu toifadagi shaxslarning oshkora jinoiy xatti-harakatlari aholining dunyoqarashiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, yoshlarning, ayniqsa voya yetmaganlarning axloqiy buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Buning oldini olishda mazkur toifadagi shaxslar xatti-harakatlaridan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boxabar bo‘lib borishi katta ahamiyatga ega hisoblanadi.

Rivojlangan xorijiy davlatlarda, xususan Buyuk Britaniya, AQSh va Yangi Zelandiyada bolalarni jinsiy zo‘ravonlikka moyil shaxslardan himoya qilishning samarali choralari ishlab chiqilgan.

Jumladan, Yangi Zelandiyaning “Bolalarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni asosida Bolalarga nisbatan jinsiy tusdagi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning reyestrini yuritish tartibi joriy etildi. Ushbu reyestr 2016 yilning 14 oktyabrida tashkil etildi.

Mazkur reyestr bolalarga nisbatan jinsiy tusdagi jinoyat sodir etgan shaxslarning shaxsiy ma'lumotlari to‘g‘risidagi yozuvlarni o‘z ichiga oladi. Reyestr oldin jinoyat sodir etgan shaxslarni monitoring qilish orqali ularning qayta jinoyat sodir etishining oldini olish hamda bolalarning xavfsizligini ta'minlashda jazoni ijro etish muassasasi va politsiya xodimlariga yordam beruvchi vosita hisoblanadi.

Reyestrni joriy etish sabablari

Bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy tusdagi tajovuzlar jabrlanuvchi, uning oilasi hamda jamiyatga jiddiy zarar yetkazadi.

Ma'lumot uchun: Yangi Zelandiyada bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy tusdagi jinoyatlar bo‘yicha 2016 yilda 3 405 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, shulardan 1 566 tasida sud tomonidan ayblov hukmi chiqarilgan.

Shuningdek, YUNISEF xalqaro tashkilotining hisobotida Yangi Zelandiyada bolalar xavfsizligining ta'minlanishi salbiy baholangan.

Ma'lumot uchun: YUNISEF xalqaro tashkilotining 2017 yildagi hisobotida Yangi Zelandiya voyaga yetmaganlarning homilador bo‘lishi darajasi bo‘yicha rivojlangan davlatlar orasida oltinchi o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, Yangi Zelandiya voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan qotilliklar darajasi bo‘yicha yettinchi o‘rinni egallagan.

Bolalarga nisbatan jinsiy tusdagi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning ushbu jinoyatni takroran sodir etish ehtimolini kamaytirish uchun zarur choralar ko‘rilishi talab etiladi. Reyestr ushbu choralardan biri sifatida Yangi Zelandiya politsiyasining tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Reyestrni yuritish tartibi

Ushbu reyestrga qo‘yidagilar kiritiladi:

  • sud tomonidan 16 yoshdan kichik shaxsga nisbatan jinsiy tusdagi jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar;
  • sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxslar;
  • sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan hamda reyestrga kiritilishi lozim deb topilgan shaxslar.

Shaxs sodir etgan jinoyatining og‘irlik darajasidan kelib chiqib, uning ma'lumotlari reyestrda 8 yil, 15 yil yoki umrbod muddatga saqlanishi mumkin. Muddat shaxs ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan kundan boshlab hisoblanadi.

Ma'lumotlari reyestrga kiritilishi talab etilgan barcha shaxslar ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tash muddati tugashi bilan 72 soat ichida mas'ul politsiya xodimiga (Police case manager) pasport ma'lumotlari, turar joy ma'lumotlari, barmoq izi va rasmi singari shaxsini tasdiqlovchi ma'lumotlarni taqdim etishi lozim.

Shu bilan birga, shaxs turar joyini o‘zgarishi bilan bog‘liq ma'lumotlarni 48 soat ichida mas'ul politsiya xodimiga ma'lum qilishi talab etiladi. Boshqa turdagi ma'lumotlarni 72 soat ichida ma'lum qilish mumkin.

Yuqoridagi shaxslarning belgilangan muddat ichida ma'lumot taqdim etmaganligi uchun tegishli jinoiy javobgarlik belgilangan:

  • ma'lumot taqdim etish majburiyatini bajarmaganlik uchun – 2 000 AQSh dollarigacha jarima yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin;
  • yolg‘on ma'lumot taqdim etganlik uchun – 4 000 AQSh dollarigacha jarima yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Reyestrga kiritilgan ma'lumotlardan faqat politsiya va jazoni ijro etish muassasasining vakolatli xodimlarigina foydalanishi mumkin.

Vakolatli xodimlar jabrlanuvchi oilasiga ularning xavfsizligini ta'minlash maqsadida reyestrga kiritilgan ma'lumotlarni taqdim etishi mumkin.

Reyestrga kiritilgan ma'lumotlar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarning hayotini kuzatish hamda ulardagi takroran jinoyat sodir etishga bo‘lgan moyillik darajasini aniqlash imkoniga ega bo‘ladi.

Reyestrni tashkil etish va yuritish xarajatlari 8,2 million AQSh dollarini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasida jinoyat sodir etgan shaxslarni hisobini yuritish bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 oktyabridagi
PF–5566-son farmoni bilan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining “Elektron jinoiy-huquqiy statistika“ yagona axborot tizimini joriy etish belgilangan. Unga binoan, statistik kartochkalarning elektron shakllarini tuzish orqali jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamalari hamda sud qarorlari ijrosi natijalari, shuningdek, ayblanuvchi va jabrlanuvchi tariqasida jalb etilgan ishtirokchilar bo‘yicha ma'lumotlarning yagona hisobi yuritiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF-6257-son farmonida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladigan “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri”ni joriy etish nazarda tutilgan.

Ammo, O‘zbekiston qonunchiligida voyaga yetmaganlar yoki bolalarga nisbatan jinsiy tusdagi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning reyestrini yuritishga oid tartib mavjud emas. Shu bilan birga, ushbu turkumdagi jinoyatlarning sodir etilish darajasi sezilarli ravishda oshayotganini kuzatish mumkin.

Ma'lumot uchun: 18 yoshgacha bo‘lgan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2020 yilda 181 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilning dastlabki uch oyi ichida ushbu turda 62 ta jinoyat sodir etilgan.

Rasmiy statistika ma'lumotlari hamda fuqarolarning ushbu turdagi shikoyatlari sonining oshib borayotganidan O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha alohida
huquqiy mexanizmlar joriy etishga ehtiyoj mavjud degan xulosaga kelish mumkin.

Ma'lumot uchun: 2021 yilning yanvar–mart oylarida respublikadagi huquq-tartibot idoralariga xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘yicha jami 11 070 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 2 772 tasi 18-30 yosh oralig‘idagi, 93 tasi esa voyaga yetmagan shaxslar tomonidan bo‘lgan.

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarning reyestrini yuritish tartibini joriy etish mazkur toifada jinoyat sodir etgan shaxslarning takroran jinoyat sodir etishining oldini olish, ulardagi takroran jinoyat sodir etishga bo‘lgan moyillik darajasini aniqlash, bolalarning yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishi uchun sog‘lom muhit yaratish imkonini beradi.

Zafar Ergashev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot institutining
mas'ul xodimi

Top