22:21 / 08.10.2021
6381

Britaniyada yonilg‘i va oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda

Foto: Global Look Press

Britaniya fuqarolari yonilg‘i va oziq-ovqat mahsulotlari yetishmayotganidan shikoyat qilishmoqda. Milliy statistika xizmati hisobotiga ko‘ra, britaniyaliklarning 23 foizi oziq-ovqat mahsulotlari sotib ololmayotganlari, 15 foizi esa yonilg‘i xarid qilishda muammolarga uchrayotganlarini aytishgan. 61 foiz aholi do‘konlarda zarur tovarlar yo‘qligi va ularning o‘rnini boshqa tovarlar bilan bosib bo‘lmasligi sababli iste'molchilik odatlari o‘zgarganini ma'lum qilishgan.

17 foiz britaniyaliklarning aytishicha, ular kundalik zarur bo‘lgan oziq-ovqatlarni xarid qilisha olmayapti. 23 foiz aholi retsept bo‘yicha dori-darmon olishning iloji yo‘qligidan shikoyat qilgan. Har o‘ninchi britaniyalik esa o‘z sarf-xarajatlarini kamaytirib, kamroq mahsulot xarid qilmoqda.

Britaniyada tovarlar narxi oshishi va taqchilligi ularni yetkazishdagi uzilishlar sababli yuzga keldi. Koronavirus tarqalishi sababli kiritilgan mahalliy lokdaunlar logistik muammolarni keltirib chiqargan va ularning oqibatlari hamon sezilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda Brexit sababli yuzaga kelgan ishchi kuchi taqchilligi inqirozni yanada chuqurlashtirgan. Britaniya Yevropa ittifoqi tarkibidan chiqqandan keyin ayrim mehnat muhojirlari pandemiya sababli kiritilgan cheklovlar va viza olishdagi qiyinchiliklar sababli qirollikka qaytmagan.

Misol uchun, ayni vaqtda Britaniyada yuk mashinalari haydovchilari yetishmasligi kuzatilmoqda. Bu esa AYoQShlarga yonilg‘i va do‘konlarga mahsulotlar yetkazishda muammolarni keltirib chiqargan. Bundan tashqari, qirollikda qassoblar va parranda yetishtiruvchilar yetishmayapti. Go‘shtni qayta ishlash sanoati korxonalari xodimlar taqchilligi sababli chorvani yo‘q qilishlariga to‘g‘ri kelishini aytmoqda.  

Top