16:19 / 08.10.2021
11746

Yirik davlatlarning raqobati Markaziy Osiyo uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini istamaymiz – Abdulaziz Komilov

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbarining fikricha, yirik davlatlar intilishlarining to‘qnashuvi mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob bermaydi. Chunki ular Markaziy Osiyo davlatlari oldiga ba'zan «geosiyosiy tanlov» shartini qo‘yadi va bunda bir tomonga yondashish boshqa tomon bilan munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Foto: t.me/mfaspokesperson

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hozirgi kunda qudratli davlatlarning global darajadagi raqobati ochiq-oydin va qat'iy davom etayotganini hamda bu qarama-qarshilik Markaziy Osiyo mintaqasida ham kuzatilayotganini afsus bilan ta'kidladi.

U tarixan yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari va yashirin da'volari to‘qnashadigan Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari o‘z suvereniteti va davlat mustaqilligini mustahkamlash, barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash uchun zarur choralarni ko‘rmasa, yirik kuchlarning o‘zaro raqobati keskinlik kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi.

«Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan yirik davlatlarning manfaatlari turlicha bo‘lib, ular ba'zan umumiy nuqtalarga ega bo‘lish bilan birgalikda, ayrim hollarda o‘zaro ziddiyatli hamdir. Bu manfaatlar qanchalik xilma-xil bo‘lsa-da, ular mavjud va tarixiy, jug‘rofiy omillar hamda global tendensiyalar bilan chambarchas bog‘liq. Shubhasiz, bunday davlatlar intilishlari to‘qnashuvi mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob bermaydi, chunki ular Markaziy Osiyo davlatlari oldiga ba'zan «geosiyosiy tanlov» shartini qo‘yadi va bunda bir tomonga yondashish boshqa tomon bilan munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Tabiiyki, har qanday suveren davlat xalqaro maydonda tashqi kuchlarning manfaatlariga qarab emas, o‘z ehtiyojlarini hisobga olgan holda emin-erkin harakat qilishni, o‘z irodasini turli tomonlar bosimiga bo‘ysundirmaslikni xohlaydi. Ammo zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi «asimmetrik manfaatlar» bilan bog‘liq vaziyatlardan mustasno emas», degan diplomat.

Bu borada O‘zbekistonning tashqi siyosati ana shunday vaziyatlarning oldini olishga, milliy manfaatlar poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka, sheriklikdan manfaatdor bo‘lgan har bir tomon uchun teng huquqli, o‘zaro manfaatli munosabatlarni ta'minlashga qaratilgan.

«Biz dunyoning yirik davlatlari raqobati mintaqamiz mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini istamaymiz. Axir tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, afg‘on mojarosining kelib chiqishi dunyo bo‘yicha tarqalgan ikkita siyosiy tizimning «sovuq urush» yillaridagi global qarama-qarshiligi bilan bog‘liq ekanini ko‘rish mumkin.

Biz u yoki bu pozitsiyani tanlashda faqat ma'lum tashqi kuchlarning foydasinigina ko‘zlashga majbur bo‘lmasligimiz kerak. Bizning siyosatimiz va aniq xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalarimiz, eng avvalo, milliy manfaatlarimiz, shuningdek, mintaqaning xavfsizligi va taraqqiyotini ta'minlash zarurati bilan bog‘liq», deydi Abdulaziz Komilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida.

Shuningdek, u O‘zbekiston Markaziy Osiyoning global va mintaqaviy kuchlar o‘rtasidagi raqobat mintaqasi yoki «kim kattaroq dov tiksa, butun yutuqni o‘ziga oladigan» o‘yin («zero sum game») maydoniga aylanishidan manfaatdor emasligini, antagonistik raqobatning oqilona muqobili, bu — adolatli va ochiq ­bellashuv bo‘lishini qayd etdi.

Abdulaziz Komilov O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari xalqaro maydonda suverenitet va harakat erkinligini ta'minlashga qaratilganini ta'kidladi. 

«Bunda muhim yo‘nalishlardan biri jahon siyosatining barcha asosiy ishtirokchilari bilan ko‘p tarkibli strategik sheriklik tizimini shakllantirish va shu asosda mustaqillikni yo‘qotmasdan, bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik hamkorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish, milliy manfaatlarni ilgari surishga qaratilgan.

Natijalar ko‘rsatib turibdiki, bu tamoyil amalda o‘zini to‘liq oqladi va hozirgi bosqichda ham dolzarbdir», dedi u.

Top