20:40 / 09.10.2021
6112

O‘zbekistonda 2019–2021 yillarda 350 ming gektardan ortiq yer maydoni qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirilgan

Bu haqda 7 oktabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligining so‘nggi 5 yillik faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yillik strategiyasiga muvofiq tuproq unumdorligini oshirish, tabiiy resurslardan samarali foydalanishga asosiy e'tibor qaratilmoqda.

Strategiya doirasida 2030 yilgacha 1 mln 100 ming gektar yer maydonini qishloq xo‘jaligiga jalb qilish belgilangan edi. Olib borilgan ishlar natijasida 2019 yilda 72 ming, 2020 yilda 110 ming va 2021 yilning shu davriga qadar 198 ming gektar yer maydonlari qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirildi.

Bu nimaning hisobiga o‘zlashtirilyapti? Suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash va davlat tomonidan beriladigan ko‘mak. Bunda birgina 2017–2021 yillarda qariyb 700 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llandi», – dedi vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Asror Jo‘rayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda hozirda 15 mln gektardan ortiq yaylov yerlari mavjud. Bu yer maydonlarining e'tibor qaratilmasligi va holati yaxshilanmagani natijasida 10 mln gektardan ortiq qismi degradatsiyaga (inqiroz) uchragan.

Biz hozir ushbu maydonlarning holatini yaxshilash maqsadida geobotanika tadqiqotlarini o‘tkazib, hosildorligini oshirish bo‘yicha ham ishlayapmiz», – deya Asror Jo‘rayev so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top