11:55 / 10.10.2021
9692

SSV koronavirusga chalingan bemorlar taomnomasidan qanday yeguliklar o‘rin olgani to‘g‘risida ma'lumot berdi

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlarning kunlik ratsioni qanday shakllantirilgan? 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Koronavirusning yuqishi ham, tuzalishi ham bir asosiy omilga bog‘liq. Bu — immunitet! Tananing quvvatga kirishi uchun esa nafaqat dori-darmonlar, balki sog‘lom turmush tarzi nihoyatda muhim. 
 
Shu sababli shifokorlar COVID-19 muolajasida yengil jismoniy faollik va nafas mashqlaridan tashqari, ovqatlanish ratsioniga ham alohida e'tibor qaratishadi. Xususan, bunday bemorlar taomnomasidan oqsilga boy oziq-ovqat ne'matlari joy olishi zarur», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
 
Muassasa direktori o‘rinbosari Olimjon Ishakov shu haqda gapirar ekan, shifoxona oshxonasi autsorsing tizimida ishlashi, ertalabki va kechki statistik ma'lumotlar, ya'ni bemorlar soni va toifasiga ko‘ra ovqat tayyorlashga kirishilishini gapirib berdi.  
 
«Taomnomamiz parhezbop yeguliklardan iborat. Ammo har bir bemorga individual yondashamiz. Masalan, reanimatsiya bo‘limida muolaja olayotganlarga 1-stol, qandli diabet kasalligi borlarga 9-stol, odatdagi bemorlarga esa 15-stol taomnomasi mo‘ljallangan.

Ovqatlarimiz sanitariya qoidalariga to‘liq amal qilgan holda pishiriladi. Har bir bemor uchun alohida idish ajratilgan. Tanovuldan so‘ng ular uch bosqichda dezinfeksiya qilinadi. Ikki hafta o‘tib yangilanadigan taomnoma ro‘yxati boy. Jumladan, turli bo‘tqalar, tuxum, brinza, pishloq, smetana, kakaoli sut, shirin choy, bulochka, sariyog‘ ertalabki nonushtaga berilsa, tushlik ikki xil ovqat, salat, sharbat kabilardan iborat bo‘ladi. Kechki ovqat esa oqsilga boy, immunitetni ko‘tarishga xizmat qilishi barobarida, hazmi yengil bo‘lishi shart», deydi u.  
 
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vakillari Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borgan kuni bemorlarga tushlik tarqatish jarayonini yaqindan kuzatishdi. Bu galgi taomnomadan mampar, osh, qatiqli salat, sharbat va non o‘rin olgan ekan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

 
 
«Bu yerda davolanayotganimning beshinchi kuni. Kun sayin holatim yaxshilanib boryapti. O‘pkamdagi og‘riqlar pasaygan. Quvvatim asta-sekin tiklanmoqda. Kasalxonaga yotgan ilk kunimda oilamiz a'zolari yelim idishlarda oziq-ovqat kiritib yuborishibdi. Lekin bunga hojat yo‘q ekan. Bu yerning taomlari mazali va to‘yimli. Shu bilan birga, hazmi yengil. Ortiqcha yeguliklarga ehtiyoj sezayotganimiz yo‘q», — deydi bemor D. Jalilova. 

Top