22:35 / 10.10.2021
35051

Yakkasaroy tumanida yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi vafot etdi

10 oktabr kuni taxminan soat 20:40 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida Lacetti rusumli avtomobil simyog‘ochga borib urilgan. YTH oqibatida ikki kishi vafot etgani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar IIB YHXB Yakkasaroy tumanida ro‘y bergan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, bugun 10 oktabr kuni taxminan soat 20:40larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida Lacetti rusumli avtomobilda boshqaruvni yo‘qotib, simyog‘ochga borib urilgan. Haydovchi 19 yoshli fuqaro ekani aytilmoqda.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchi va mashinadagi uch yo‘lovchidan biri og‘ir tan jarohatlari olib voqea yuz bergan joyda vafot etgan. YTH chog‘ida Lacetti’da bo‘lgan yana ikki nafar yo‘lovchi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan.

To‘qnashuvdan so‘ng avtomobil yonib ketgan va yong‘in hodisa guvohlari tomonidan o‘chirilgan. Ayni paytda hodisa qurbonlari va jabrlanuvchilarining shaxsiga oydinlik kiritilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahar IIB YHXB tomonidan hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

Top