16:57 / 11.10.2021
32628

Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: aholi kutilajak falokatdan prokuratura va hokimiyat organlarini ko‘p bor ogohlantirgan

Kattaqo‘rg‘on shahridagi xonadonlardan birida 8 oktyabr kuni gaz portlab, ikki kishi jabrlandi. Bu mahalladagi birinchi portlash emas. Ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholi bir yildan buyon mas'ul idoralarga muammo haqida bong urib kelishgan. Mutasaddilar esa murojaatlarga e'tibor qaratmagan.

Foto: Zarnews.uz

Zarnews.uz saytining yozishicha, Kattaqo‘rg‘on shahri Toshkent ko‘chasida istiqomat qiluvchilar Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaat xatlarida shunday deyishgan:

«Kattaqo‘rg‘on shahar Ko‘hnadam mahallasi, Toshkent ko‘chasida yashovchi aholi, jumladan bizning uy-joyimiz, farzandlarimiz va o‘zimiz bir necha yildan buyon portlash xavfi ostida qolmoqdamiz.

Biz bu haqda bir necha bor Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga, prokuraturaga murojaat qildik. Bizning xavfsizligimiz uchun yuqori bosimli gaz tarmog‘i ko‘chamizdan olib tashlanmadi.

Hududda bir qator avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari qurilgach, aholi xonadonlari orasidan hayotimiz uchun xavfli bo‘lgan yuqori bosimli gaz tarmoqlari o‘tkazildi.

Natijada, 2015 yilda mahallamizdagi yuqori bosimli gaz quvurlaridan Toshkent ko‘chasida joylashgan 147-uyning yerto‘lasiga sizib kirgan gaz ta'sirida kuchli portlash ro‘y berdi. Shundan keyin ham quvurlar boshqa joyga ko‘chirilmadi. Bu yuqori bosimli quvurlar ko‘chirilmasa ko‘plab xonadonlar, odamlar, bolalar jabr ko‘rishi mumkin...

Toshkent ko‘chasidagi xavfsizlik va texnika qoidalariga amal qilmasdan o‘tkazilgan quvurlarni boshqa joydan o‘tkazdirishda yordam berishingizni so‘raymiz».

Portlagan xonadon sohibi Qahramon Sultonov. Foto: Zarnews.uz

6 yil avval 147-uyda portlash yuz bergan bo‘lsa, 8 oktabr kuni erta tongda unga qo‘shni bo‘lgan 145-uyda portlash sodir bo‘ldi. Shunisi e'tiborliki, bu uylarga gaz quvurlari tortilmagan. Xonadon devori ortida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tegishli 4ta yirik va bitta kichik, shuningdek aholi uchun gaz quvuri o‘tgan.

Foto: Zarnews.uz

Aholi fikricha, ana shu yirik quvurlar nosoz holga kelib, undan sizib chiqqan gaz voqeaga sabab bo‘lgan.

«Kattaqo‘rg‘onshahargaz» gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i Shavkat Abdusalomov ham aholining taxminlarida jon borligini tasdiqlagan:

«Holatni o‘rganish uchun quvurlarni ochib ko‘rdik. Bu yerdan bitta Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga boradigan gaz kichik gaz quvuri va to‘rtta Kattaqo‘rg‘on tumanidan gaz oladigan, bir necha AYoQShlarga boradigan yirik gaz quvurlari bor. Ular izolyatsiya qilinmasdan ko‘milgan. Aholi uchun boradigan kichik quvurlarda nosozlik yo‘qligini ko‘rdik. Endi yirik quvurlarni ko‘zdan kechiryapmiz, keyin holatni aniqlaymiz».

Shavkat Abdusalomov, «Kattaqo‘rg‘onshahargaz» gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i. Foto: Zarnews.uz

Ko‘chadagi quvurlar to‘liq qazilgach, AYoQShlarga tortilgan yirik quvurlardan biri yorilib, gaz shu orqali sizgani aniq bo‘ldi. Aholi ko‘pdan buyon xavotir olib kelgan, qator tashkilotlarga murojaatlarida nazarda tutgan yuqori bosimli quvur nosoz holga kelgani sababli portlash yuzaga kelgani tasdiqlandi.

Aholi murojaatlariga javoban yuborilgan viloyat hokimi o‘rinbosari A.Shukurovning xatida mazkur obektlarni ishlatish jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etish borasidagi huquqiy hujjatlar ijrosini ta'minlash maqsadida «Sanoatgeokontexnazorat» mutaxassislari tomonidan ekspertiza o‘tkazilgani, barcha loyiha hujjatlari davlat standartlariga mos tuzilgani, normativ hujjatlarda belgilangan talablarga to‘liq mosligi ta'kidlab o‘tilgan.

Foto: Zarnews.uz

Lekin aholi idorama-idora xat yozib yurganida hech kim kelib haqiqiy holatni o‘rganmagan, nosozlikni bartaraf etmagan.

Qahramon Sultonovning aytishicha, ko‘chada nafaqat 2015 yilda, o‘tgan yili ham gaz portlab, xonadonlardan biriga zarar yetkazgan. AGTKS egasi kelib, zararlarni qoplab, xonadonni ta'mirlab bergan, biroq quvurni ko‘chirmagan.

* * *

Bu kabi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarga aholi punktlari uzra tortilgan yuqori bosimli gaz quvurlaridan gaz sizib, xonadonlarda portlash sodir bo‘lgani borasidagi birinchi voqea emas. Ularning ayrimlari avval ham Kun.uz’da yoritilgan.

2019 yil 11 noyabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanining Surum mahallasidagi namunali uy portlashi oqibatida bir oilaning 3 a'zosi vafot etdi va 3 kishi butun umrga majruh bo‘lib qoldi. R.Karimovga tegishli bo‘lgan 1-sonli namunaviy uydan 47,5 metr masofada yer ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuri teshilib, undan sizib chiqayotgan tabiiy gaz yer osti bo‘ylab R.Karimovning xonadoniga tarqalib, gaz chaqnashi oqibatida kuchli portlash yuz bergan.

bLtzkJnqMoZNflQXX3KlbGwWYuF9vmvU.jpg (1280×714)
Foto: Tergov departamenti

2020 yil 30 noyabr kuni Yangiyo‘l tumani, «Qirariq» MFY, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuridan sizib chiqqan gaz xonadonga tarqalib, havo aralashmasi bilan qo‘shilib, uyda elektr chirog‘i yoqilishi natijasida portlash sodir bo‘lib, ikki kishi halok bo‘lgan edi.

kA0gAV1SvimeDiAuvkE7bBQlfJQrzo4s.jpg (800×500)

Bunday voqealarning har kuzda takrorlanishi AGTKSlarga aholi punktlari ichidan yoki yaqinidan yuqori bosimli gaz quvurlarini tortish o‘ta xavfli ekanligi, bunday loyihalarga ruxsat berilmasligini taqozo etadi. Ya'ni talablar qayta ko‘rib chiqilib, qat'iylashtirilishi lozim.

Bu borada korrupsiya omillari mavjud bo‘lish ehtimolini hisobga olib, hech qanaqa «Sanoatkontexnazorat» va boshqa shu kabi tashkilotlarning ekspertiza xulosasiga ishonmaslik, Bosh prokuratura respublikadagi jami AGTKSlarning quvurlari loyihalanishi talablarga javob berishini o‘z nazoratiga olishi kerak.

Albatta, talabga javob bermaydigan, aholi turar joylariga potensial xavf tug‘diruvchi AGTKSlarning quvurlari kesib tashlanishi kerak. Zero, har qanday tadbirkorning qiladigan foydasi inson umridan aziz emas.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Top