18:37 / 13.10.2021
3667

Ekopartiya nomzodining ishonchli vakillari tomonidan viloyatlarda saylovoldi targ‘iboti olib borilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga Ekologik partiyadan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturi hududlarda uning ishonchli vakillari tomonidan olib borilmoqda.

Foto: Ekologik partiya

Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan saylovoldi targ‘ibotlarida ishonchli vakil Nosir Halimov viloyatning G‘uzor tumani aholisi bilan uchrashdi. Aholi tomonidan ko‘p murojaatlarga sabab bo‘ladigan toza ichimlik suvi, chiqindi muammosi va daryo uzanlaridan qum-shag‘allarning noqonuniy tashib ketilishi masalalari nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan asosiy loyihalardan biri ekanligini ta'kidladi.

“Darhaqiqat, bugun dunyo aholisi chiqindilarni saralangan holda to‘plash amaliyotiga e'tibor qaratmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, deyarli barcha mamlakatda qattiq maishiy chiqindilar salmog‘i aholi jon boshiga har yili bir foizga ortib bormoqda.

Foto: Ekologik partiya

Chiqindilar bir tomondan obodlikka putur yetkazsa, ikkinchi tomondan ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni – inson salomatligi va ma'naviy hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi”, – dedi u.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan saylovoldi targ‘ibotida Ekopartiya viloyat kengashi raisi B.Abdullayev yig‘ilganlar prezidentlikka nomzod tomonidan e'tibor qaratilayotgan ekologik muammolarni bartaraf etish loyihalari haqida ma'lumot berdi.

Shuningdek, dasturda global rivojlanish sharoitida vujudga kelgan chiqindi muammolarini samarali hal etish maqsadida maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash hajmini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlar hamda xususiy sherikchilik asosida chiqindilarni qayta ishlash orqali daromadli sohaga aylantirish bo‘yicha taklif etilgan yechimlar tahlil qilindi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top