12:56 / 13.10.2021
15924

Komil Allamjonov: «Kecha «Zakovat» qayta tug‘ildi»

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «Zakovat» intellektual o‘yini respublika bosqichining grand final o‘yini haqida post qoldirdi.

Foto: Telegram / Komil Allamjonov

Komil Allamjonovning qayd etishicha, 31 mingdan ziyod «Zakovat» klubi a'zolari juda xursand, bilim haqiqiy trendga chiqdi.

«Kecha "Zakovat" qayta tug‘ildi. Kecha "Zakovat"ning tug‘ilgan kuni bo‘ldi. Prezidentimiz “Zakovat” klubi uchun bino qurib berish, maktablar, universitetlar, kollejlarda "Zakovat" sinflari ochish, “Zakovat” o‘yinlariga har yili 50 mlrd so‘m pul ajratish, Prezident kubogi uchun o‘yinlar, “Zakovat” stipendiyasini  joriy qilish bo‘yicha Prezident Qarorini tayyorlash bo‘yicha Prezident administratsiyasi rahbari va bosh vazir o‘rinbosariga  ko‘rsatma berdilar. “Bilim olishga xizmat qiladigan har qanday loyihani doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, dedilar Prezident. 

Foto: Telegram / Komil Allamjonov

“Zakovat” loyihasi asoschisi Abdurasul aka o‘zlarini yig‘idan zo‘rg‘a tiyib o‘tirdilar. “20 yil urilib-surilib, xor bo‘lib yurdik, kirmagan eshigim qolmagan, jonga tegdi, ilm loyihasi hech kimga kerak emas degan paytlarim ham bo‘ldi, faqat shu yildan "Zakovat"ning kosasi oqardi. Menga eski ish joyimda 3 martalab unvon beramiz, medal beramiz deb jinni qilishgandi, bugungi mukofot va yana shaxsan Prezident kelib bilimdonlar uchun shuncha sovg‘a qilishlari xuddi tushga o‘xshaydi”, deydilar. O‘zidan o‘tdi - o‘zi bildi bu inson. 

Foto: Telegram / Komil Allamjonov

Xullas, 31 mingdan ziyod "Zakovat" klubi a'zolari juda xursand. Bilim haqiqiy trendga chiqdi.  Buning uchun katta rahmat, muhtaram Prezident. Kutilmaganda shuncha ish bo‘ldi. 

Xorazm - chempion, bilimdonlar xursand. Tadbir davomidagi kamchiliklar uchun ming uzr. Astoydil harakat qildik. Lekin kamchiliklarimiz ham bo‘ldi. Bugun yana yangi kun boshlandi, yangi loyihalar», deb yozadi Komil Allamjonov.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma'lumot uchun, kecha, 12 oktyabr kuni Buxoro viloyati Romitan tumanida joylashgan «Bukhara Desert Oasis» ekoturizm markazida «Zakovat» breyn-ring intellektual o‘yini respublika bosqichining grand final o‘yini o‘tkazildi. Barcha raqiblarini mag‘lub etib finalgacha yetib kelgan Xorazm va Navoiy jamoalari hal qiluvchi o‘yinda kuch sinashdi. Musobaqa davomida asosiy favorit Toshkent jamoasini yenggan tajribali Xorazm jamoasi g‘alaba qozondi.

Xorazm jamoasining har bir a'zosi bittadan Chevrolet Gentra avtomobili bilan taqdirlanadigan bo‘ldi. Final o‘yinida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi.

Top