15:09 / 13.10.2021
20453

«Oltin to‘p» uchun kurash. Millatlar ligasi da'vogarlar o‘nligida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi?

Foto: Getty/Goal

«France Football» «Oltin to‘p»ning 30ta nomzodini e'lon qilishi ortidan ushbu sovringa nomzodlar ro‘yxatini yanada aniqroq bilib oldik. Angliyaning «Goal.com» nashri asosiy da'vogarlar reytingini yangilab borishda davom etmoqda. Quyida ushbu nashr talqiniga ko‘ra, top-10da borayotgan nomzodlarning imkoniyatlari haqida so‘z yuritamiz.

10. Kevin de Bryuyne («Manchester Siti»)

2021 yilda: 12ta gol, 14ta assist, Premer-liga va Angliya Liga Kubogi. 

So‘nggi 3ta o‘yinida klub va milliy jamoa uchun bitta gol, 3ta assist amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan Kevin 10-o‘rinda qoldirildi. Bunga asosiy sabab sifatida futbolchining doimiy ravishda maydonda bo‘lmayotganini keltirishimiz mumkin. Klub va milliy jamoa sardori mavsumning katta qismini lazaretda o‘tkazdi. Bu natijalar «Oltin to‘p»ni yutish uchun kamlik qilishi mumkin.

Foto: Getty/Goal

9. Krishtianu Ronaldu («Manchester Yunayted»)

2021 yilda: 38ta gol, 4ta assist, Italiya Kubogi va Superkubogi.

Qatarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidagi gol «Oltin to‘p» uchun kurashda Ronalduning imkoniyatlarini yaxshilay olmasligi aniq. U Italiyada kubok va superkubokni yutishga erishdi. Lekin A Seriya boy berildi, YeChLda «Portu» to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Chempionlar Ligasi qiroli deya ta'riflanadigan portugaliyalik yulduz «Yuve» safida chorakfinaldan nariga o‘ta olmadi. 3 mavsum ichida 2 marta nimchorakfinalda qolib ketdi. Turinliklarning joriy mavsumdagi muvaffaqiyatsizligiga Krishtianuni to‘liq aybdor, deb bilmaslik kerak. U yangi yil boshlanganidan beri 38ta gol urdi va bu 36 yoshli hujumchi uchun juda yaxshi natija. «Oltin to‘p» esa bahonalarni qabul qila olmaydi. U yilning eng yaxshisiga topshirilishi kerak.

Foto: Getty/Goal

8. Erling Holand («Borussiya Dortmund»)

2021 yilda: 41ta gol, 13ta assist. 

Yo‘q, Holand bir necha mavsum porlaydigan o‘tkinchi yulduz emas. U ham Mbappe singari o‘z darajasini isbotlay oldi. Personal ko‘rsatkichlar borasida u 2021 yilda istalgan futbolchi bilan bellasha oldi. Jamoasi bilan Germaniya Kubogini yutdi. Lekin yilning eng yaxshisi bo‘lish uchun shunchaki gollar mashinasi bo‘lishning o‘zi yetmaydi. Erling joriy yilda o‘zining kelgusida qanday natijalarga erishishi mumkinligini ko‘rsata oldi. Uning faoliyatini turli jarohatlar buzib qo‘ymasligiga tilakdoshmiz.

Foto: Getty/Goal

7. Romelu Lukaku («Chelsi»)

2021 yilda: 30ta gol, 8ta assist, A Seriya. 

Lukaku «Inter»ni uzoq kutilgan A Seriya chempionligi tomon yetaklab bora oldi. Yozgi transferlar oynasi vaqtida qadrdon «Chelsi»ga qaytgan Romelu startni ajoyib oldi. Ammo, ochig‘ini aytganda, uning ko‘rsatkichlari «Oltin to‘p»ni yutish uchun yetmaydi. Ustiga-ustak, Millatlar Ligasi yarimfinalining boy berilishi ham belgiyalik hujumchining imkoniyatlarini pasaytirib yubordi.

Foto: Getty/Goal

6. Kilian Mbappe («PSJ»)

2021 yilda: 35ta gol, 14ta assist, UYeFA Millatlar ligasi, Fransiya Kubogi va Liga Kubogi.  

Millatlar ligasi finalida Fransiyaga g‘alaba keltirgan gol muallifiga aylangan Kilian Mbappe avvalgi reytingda 7-o‘rinda edi. Yevropa chempionatida penaltidan foydalana olmay, ko‘plab muxlislarning tanqidlari ostida qolib ketgan Mbappe «uchranglilar»ga yana bir titulni yutib berdi.

Mavsum davomida u «Oltin to‘p» uchun asosiy da'vogar sifatida qaralayotgandi. Lekin Fransiya birinchi divizioni va Chempionlar ligasining qo‘ldan chiqarilishi bunga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Yevro-2020da ham uning penaltidan gol ura olmagani sababli Fransiya musobaqani tark etdi.

Foto: Getty/Goal

5. Karim Benzema («Real»)

2021 yilda: 34ta gol, 13ta assist, UYeFA Millatlar Ligasi  

Saloh top-10talikda yo‘q, lekin ayni paytda jahon futbolida eng yuqori tempda futbol o‘ynayotgan ikki futbolchi bo‘lsa, bittasi Muhammad, ikkinchisi esa Karimdir. Millatlar ligasi finalini bezagan gol muallifi individual tarafdan juda ajoyib mavsum o‘tkazdi. 2021 yil hisobi bo‘yicha ajoyib ko‘rsatkichlarga ega. La Ligada mavsum startini dahshatli darajada yaxshi boshladi.

Afsuski, yakuniga yetgan mavsumda «Real» bilan birorta titul yuta olmadi. Muammolar girdobidagi «Barselona» ham Qirol Kubogiga ega chiqqan paytda, «qirollik klubi»ning sovrinsiz qolishi Benzemaning «Oltin to‘p»ni olmasligiga jiddiy sabab.

Foto: Getty/Goal

4. Ngolo Kante («Chelsi»)

2021 yilda: bitta gol, bitta assist, UYeFA Chempionlar Ligasi, UYeFA Superkubogi 

Yangi mavsumni jarohatlar bilan boshlagan Kante 4-o‘rinda qolmoqda. Chempionlar ligasi yakunida ajoyib o‘yinlari bilan klubiga bosh sovrinni olib bergan fransuz yarimhimoyachisi Yevropa chempionatida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. APLda esa 4-o‘rinda qolib ketdi. Millatlar ligasidagi g‘alabada esa ishtirok eta olmadi.

Foto: Getty/Goal

3. Jorjino («Chelsi»)

2021 yilda: 5ta gol, 2ta assist. Yevro-2020, UYeFA Chempionlar Ligasi, UYeFA Superkubogi.  

Jorjino va Italiya milliy jamoasi Millatlar ligasini boy berishdi. «Chelsi» yarimhimoyachisi yarimfinal o‘yinida asosiy tarkibda maydonga tushdi, ammo 64-daqiqada zaxiraga olindi. Belgiyaga qarshi bellashuvda esa 70-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.

Umuman, Jorjinoning zaxirada qoldirilishi klubida ham u qadar hayratlanarli holat emas. Ammo 2021 yilda uning kabi katta jamoaviy titullarni yutgan futbolchi yo‘q.

Foto: Getty/Goal

2. Robert Levandovski («Bavariya»)

2021 yilda: 50ta gol, 8ta assist, Bundesliga, Klublar o‘rtasidagi JCh, Germaniya Superkubogi.

Yevropa nashrlari xabar berganidek, taqdirlash marosimida Levandovskiga «Oltin to‘p» beriladi. Faqat bu 2020 yilgi sovrin bo‘ladi. Masala shundaki, polshalik forvard birdaniga 2ta sovrinni qabul qilib olishi mumkin.

Aytish kerakki, 33 yoshli hujumchi faoliyatidagi eng yaxshi 2 mavsumni o‘tkazdi. 2021 yilgi mavsum uchun uni eng yaxshi deb topishsa, bu u qadar hayratlanarli ko‘rinmaydi. Lekin bu yo‘lda juda katta g‘ov bor.

Foto: Getty/Goal

1. Lionel Messi («PSJ»)

2021 yilda: 38ta gol, 14ta assist, Amerika kubogi, Qirol Kubogi.  

Aslida, mavsum hisobida olsak, 2020/2021 yilgi mavsumda Messining 1-o‘rinda bo‘lishi shubha uyg‘otishi mumkin edi. Sababi, Kataloniyadan keta olmagach, u bir muddat o‘zini topa olmay yurdi. 2021 yil hisobida esa fantastik o‘yin ko‘rsatdi. Samaradorlikda Levandovskidan qolishmayapti. Qo‘lga kiritgan titullari esa Robertnikidan salmoqli. Ayniqsa, uzoq kutilgan Amerika Kubogi chempionligi. Ispaniya kubogining qo‘lga kiritilishida ham u yetakchi rolni o‘ynadi. Mavsumni yangi jamoasi «PSJ»da u qadar ishonchli boshlamagan bo‘lsa-da, «Manchester Siti» bilan YeChL guruh bosqichining markaziy bellashuvida barcha tanqidchilarni o‘chirib qo‘yishga erishdi. Oldinda Leoda o‘zini yanada yaxshiroq tomondan ko‘rsatish imkoniyati bor. Argentinalik tirik afsona 7-«Oltin to‘p»ga juda yaqin.

Foto: Getty/Goal

«Goal.com» reytingi asosida Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top