13:03 / 15.10.2021
1363

Sirdaryoda kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan fuqaro ushlandi

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan fuqaro ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shirin shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.B. noqonuniy daromad orttirishni ko‘zlab, fuqaro Sh.ga tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 56 dona “Regapen”, 2 dona “Selofen” va  2 dona “Tropikamid” nomli dori vositalarini 1,3 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top