16:03 / 16.10.2021
5559

Bahrom Abduhalimov ilm-fan bilan shug‘ullanuvchilarga bepul uy-joylar taklif qilmoqchi

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturida adolatli jamiyat va adolatparvar davlat barpo etish uchun ta'lim, ilm-fan va innovatsiyaning ahamiyatini oshirish choralarini ko‘rishini ma'lum qildi.

Foto: «Adolat» SDP

«Adolat» partiyasi nomzodi bu borada bir qancha takliflarni ilgari surgan:

«Buning uchun biz ta'lim va ilm-fan bilan shug‘ullanuvchilarga bepul uy-joy taklif qilamiz. Ilm-fanni moliyalashtirishga sarflanadigan mablag‘ 2030 yilda yalpi ichki mahsulotning 2 foiziga qadar oshadi, uni davlat budjetidan moliyalashtirishni bosqichma-bosqich ta'minlash zarur, deb hisoblaymiz», – deyiladi nomzodning saylovoldi dasturida.

Shuningdek nafaqat olimlar, balki har qanday ixtiro va ixtirochilar qo‘llab-quvvatlab rag‘batlantirilishi va ularga zarur sharoitlar yaratilishi aytilgan.

«Bugungi kunda e'tibordan chetda qolayotgan iqtisodiyotning haqiqiy lokomotivi bo‘lgan injyener, texnolog, agronom-mexanizator kabi mutaxassislarning sonini ko‘paytirish va malakasini oshirish choralarini ko‘ramiz.

Mamlakatimizda fundamental fanlardan olingan ijobiy natijalarni tibbiyot va sog‘liqni saqlash; qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar; gidrologiya va suv muammolari; energetika, muqobil energiya manbalari va resurs tejamkor texnologiyalar; ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kabi sohalarga joriy qilish ishlarini izchillik bilan olib borish orqali mamlakatning iqtisodiy qudratini mustahkamlaymiz», – deyiladi Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturida.

Avvalroq, Bahrom Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturida oliy ta'lim muassasalaridagi kvotalarni yo‘q qilish, uy-joylar narxini keskin pasaytirish, Prezident administratsiyasi  va hukumat binolarini Toshkentdan tashqariga chiqarish, monopoliyaning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yish hamda barcha fuqarolarning katta miqdordagi xarajatlarini deklaratsiyalashga doir takliflarni ilgari surgandi.

Top