13:52 / 17.10.2021
24035

Uni «100 yillik qamoq» jazosi kutmoqda. Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Mariya Ressa hikoyasi

Mariya Ressa Filippin prezidentining «giyohvandlikka qarshi urush»iga qarshi yillar davomida kurashib keldi. Tazyiq va siyosiy ta'qiblarga uchrashiga qaramay «troll fabrikalari» faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazdi.

Foto: Forbes

2021 yil Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Rossiyaning «Novaya gazeta» nashri bosh muharriri Dmitriy Muratov hamda filippinlik tadqiqotchi jurnalist Mariya Ressaga demokratiya hamda barqaror tinchlik o‘rnatilishining dastlabki sharti bo‘lgan fikr bildirish erkinligini himoya qilish bo‘yicha intilishlari uchun berildi.

Xo‘sh, ko‘pchilik uchun jurnalistlar tahdid ostida bo‘lgan mamlakatda matbuot erkinligi uchun kurashishning yorqin namunasiga aylangan Mariya Ressa kim va u nima sababdan bunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rildi?

Uydan ketish

Mariya Ressa 1963 yilda Filippin poytaxti Manilada tug‘ilgan. Juda yosh paytidayoq otasi vafot etadi, onasi esa Amerikaga ishlashga ketishga majbur bo‘ladi. Ressa to‘qqiz yoshligida Filippinda davlat to‘ntarishi sodir bo‘ladi, mamlakat prezidenti Ferdinand Markos Kongress bilan ziddiyatlari sabab favqulodda holat e'lon qiladi va konstitutsiyani bekor qiladi. 1973 yilda onasi Ressani ham Amerikaga olib ketadi.

«Men Nyu-Jyersi shtatiga bordim, o‘sha paytda ingliz tilida zo‘rg‘a gaplashardim va o‘zim uchun bu yerdagi katta oq dunyoda kalta jigarrang bola nima qilayotganini aniqlashim kerak edi», deydi u BBC muxbiri Leysi Douset bilan suhbatda.

Dastlab Ressa Nyu-Jyersidagi Toms River o‘rta maktabini, keyin Prinston universitetini imtiyozli diplom bilan tugatadi va Filippindagi Diliman universitetida o‘qishni davom ettirish uchun to‘liq imtiyozli stipendiyani qo‘lga kiritadi. Bu paytda diktator Markos favqulodda holatni bekor qilgan bo‘lishiga qaramay mamlakatni boshqarishda davom etmoqda edi. 1986 yilda u navbatdagi prezidentlik saylovlarida ham g‘alaba qozonadi, lekin asosiy raqibi, muxolifatning o‘ldirilgan yetakchisi Benigno Akinoning bevasi Korason Akino mag‘lubiyatini tan olmaydi. Yuz minglab namoyishchilar ko‘chalarga chiqishadi va Markos mamlakatdan qochib ketadi. Mana shunday siyosiy beqaror vaziyatda Mariya Ressa o‘z vataniga qaytdi.

«Men har doim Qo‘shma Shtatlarda amerikalik emasligimni his qilardim, keyin Filippinga qaytib keldim va bu yerda filippinlik ham emasligimni angladim», deydi u.

Jurnalistika tomon qadamlar

U dastlab televideniyeda ishlay boshladi, bir yildan keyin prodyuserlik kompaniyasiga asos soldi. 1988 yilda esa AQShning SNN nashriga ishga kiradi va 1995 yilga kelib SNN’ning Manila va Jakartadagi ikkita byurosi boshlig‘i lavozimiga ko‘tariladi.

Ressa mamlakatdagi etnik tozalash va separatizm harakatlari haqida ko‘plab maqolalar yozdi. Janubi-Sharqiy Osiyoda «Al-Qoida» faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazdi. U saylovlar va siyosiy inqirozlarni yoritgan, prezidentlar va bosh vazirlar bilan suhbatlar tashkil qilgan. 2000-yillar boshlariga kelib, Mariya Ressa ko‘p mukofotlarga sazovor bo‘lgan taniqli jurnalist sifatida e'tirof etila boshlaydi. Filippinning eng yirik media kompaniyasi ABC-SBN’ning yangiliklar bo‘limiga rahbarlik qildi, so‘ngra tashkilotning vitse-prezidenti lavozimiga ko‘tarildi. ABC-SBN’da olti yil ishlagan Ressa 2010 yilda shartnomasini uzaytirmasligini ma'lum qiladi va ishdan ketadi.

«Jurnalistikani qiyin kunlar kutmoqda. Tahririyat mustaqilligini qadrlang va himoya qiling. Sizga aniqlik, qat'iyat va dadillik tilayman, yaxshilik uchun kurashing», deb yozadi xayrlashuv maktubida.

Rapplerʼga asos solinishi

Ishdan ketgach besh nafar sobiq hamkasbi bilan 2012 yilda Rappler onlayn yangiliklar saytiga asos soladi. Sayt nomi inglizcha «rap» — qattiq tanqid qilmoq, to‘lqin hosil qilish so‘zidan olingan.

U Rapplerʼni Filippindagi eng yirik yangiliklar saytiga aylantirish niyatida edi, shu maqsadda mamlakatdagi ushbu sohada ishlaydigan eng kuchli mutaxassislarni ishga jalb qiladi.

Hozirda saytning Facebookʼda 4,5 milliondan ortiq obunachisi bor va Rappler o‘zining kuchli tahlillari va surishtiruvlari bilan mashhur bo‘lgan.

Kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, Rappler muvaffaqiyati markazida Ressa xonimning ulkan xizmatlari yotadi.

BBC’ning Maniladagi muxbiri Hovard Jonson Ressani jozibali ma'ruzachi, o‘tkir tahliliy tafakkur egasi sifatida tasvirlaydi. «U o‘z tinglovchilariga, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sohasiga aloqador murakkab ijtimoiy voqealarni yaxshi tushuntirib bera oladi», deydi Hovard Jonson.

Prezident bilan munosabatlari

2016 yilda 71 yoshli Rodrigo Duterte Filippin prezidentligiga keladi. Ammo Dutertening siyosiy karerasi 1986 yilda (Mariya Ressa o‘z vataniga qaytgan paytlarida) boshlangan: u dastlab Davao shahri vitse-meri etib tayinlangan, keyinroq merlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan. U bu lavozimda qisqa tanaffuslar bilan 32 yil ishlagan. 2015 yilda Mariya Ressa Duterte bilan intervyusining kirish qismida yozganidek, Davao jinoyatchilar boshpanasidan «tinchlik vohasi» va Filippindagi birinchi «aqlli shahar»ga aylanadi, bu yerda barcha davlat xizmatlari raqamlashtirilgan.

Duterte korrupsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashni va'da qilib, siyosiy ochkolarni qo‘lga kiritadi. Ressa bilan suhbatda Duterte hatto ba'zi qotilliklarga aloqadorligini ham inkor etmagan.

«Menga qarshi ish qo‘zg‘atilgani hammaga ma'lum, ular mening ismim hatto AQSh Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissiyasining materiallarida ham borligini aytishadi. Aytishim mumkinki, bu kundalik ishimizning bir qismi edi», degan u Ressaga bergan intervyusida.

Dutertening yana qo‘shimcha qilishicha, faqat zo‘ravonlik va diktatura mamlakatdagi siyosiy institutlar zaifligining o‘rnini qoplay oladi. U o‘zini so‘l qanot diktatori deb ataydi va shovinistik qarashlarini tan oladi.

«Bu narsalar kishida hayrat uyg‘otadi: u shafqatsiz va halol, ba'zida dabdabaga ruju qo‘ygan, hazilkash, kibrli va mutlaqo murosasiz odam. U haqiqiy edi, bu ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarning roli oshib borayotgan bugungi davrda juda qimmatlidir», deb yozadi Ressa.

Mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar tez ommalashayotgan edi. 2016 yilda Filippin aholisining 44 foizidan 47 foizigacha qismi internetdan foydalangan, ijtimoiy tarmoqlar uchun kuniga o‘rtacha 3,2 soatdan 5,2 soatgacha vaqt sarflagan bo‘lsa, keyingi yilda jami 105 million aholidan 61 millioni Facebook foydalanuvchisiga aylangan. Ressaning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy davlat tashkilotlariga ishonchsizlik paydo bo‘lganida, ijtimoiy tarmoqlar yangiliklar tarqatish va fikr bildirish uchun asosiy maydonga aylanadi.

Rappler prezidentning «trollar fabrikasi»dan qanday foydalanishi va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga urinayotgani haqida hisobot e'lon qildi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqatish kampaniyasi boshlangani fosh etiladi.

Eng mashhur ko‘zbo‘yamachiliklardan biri, Filippin narkomafiyasi vakillari tomonidan zo‘rlangan va o‘ldirilgani aytilgan to‘qqiz yoshli qizning fotosurati edi. Hukumat o‘zini bu vaziyatda giyohvandlik va narkomafiyaga qarshi kurashayotgan sifatida ko‘rsata boshlaydi, ijtimoiy tarmoqlarda «shovqin» ko‘taradi. Faktlar Rappler tomonidan tekshirilganda, fotosurat Braziliyada olingani, hukumat ishlari esa odamlar ongini manipulyatsiya qilishga urinishdan boshqa narsa emasligi ma'lum bo‘ladi.

Surishtiruvlarga ko‘ra, Dutertega tegishli ekani aytilayotgan nashrlar ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha soxta maqolalar chop etadi. Prezident muxolifatlari saylovda firibgarlik ishlatganlikda yoki giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda ayblanadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlar Xitoydan, ma'lum qismi esa Saudiya Arabistonidan boshqarilgan.

Zo‘ravonliklar

2016 yilda Duterte haqidagi yana bir maqola chop etilgandan so‘ng Mariya Ressaga «trollar» hujum qilishadi va uni haqoratli izohlar bilan «siylashadi». Hujum hozirgacha davom etmoqda va bu Xalqaro jurnalistlar markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot uchun ham asos bo‘ladi. Facebook va Twitter’dagi «nafratli» izohlarning deyarli 60 foizi uning professional obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan bo‘lsa, 40 foizida shaxsiyati va tashqi ko‘rinishi muhokama qilingan. Facebook’da Ressa qo‘llab-quvvatlangan har bir izohga o‘rtacha 14ta nafratli izoh to‘g‘ri keladi.

O‘tgan besh yillik davr mobaynida Mariya Ressaga deyarli har kuni o‘lim xatlari, zo‘rlash, qiynoq va qotillik tahdidlari bilan xabarlar kelgan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, bunday hujumlarning oqibatlari qurbonlar uchun ham shaxsiy, ham professional darajada halokatli bo‘lishi mumkin, shuningdek, ularning oilalari va yaqinlariga ayanchli darajada ruhiy ta'sir qiladi.

Rappler boshqa mashhur maqolalarini ham e'lon qilgandan keyin Ressaga tahdidlar yanada kuchayadi. Facebook jurnalistni qo‘llab–quvvatlashini bildiradi va har qanday tahdid yoki haqorat haqida shunchaki shikoyat qilishini so‘raydi, lekin Ressaning hisob-kitob qilishicha, bitta izoh haqida shikoyat yuborganida, unga yana shunday to‘rtta «nafratli» izoh kelgan bo‘ladi.

Ressa qarashlarini hamma ham birdek qabul qila olmasligini va nafratli izohlarni qabul qilishga o‘rganib qolganini aytib o‘tgan.

Ta'qiblar

Hatto saylovoldi kampaniyasi paytida ham Duterte o‘lim jazosini tiklash niyatida ekanini e'lon qildi va Manila ko‘rfazidagi baliqlar jinoyatchilar go‘shti bilan to‘ydirilishi haqida va'dalar beradi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, uning prezidentligining dastlabki olti oyida saylovchilarga va'da qilingan «giyohvandlikka qarshi kurash» doirasida yetti mingdan ortiq odam sudsiz va tergovsiz o‘ldirilgan. Ammo prezidentga ommaviy axborot vositalari uning ish uslubini yoritishi yoqmagan.

2017 yilda Duterteni tanqid qilgan Daily Inquirer nashri prezident bilan aloqasi bor milliarder Ramon Anguga sotib yuborilgan. 2020 yilda mamlakatning eng yirik ABC-SBN telekanali (11 ming xodim ishlaydi) efiri uzib qo‘yiladi, Kongress telekanal litsenziyasini yangilamaydi.

Rapplerʼga ham hukumat tomonidan ko‘plab bosimlar o‘tkazilgan. 2017 yilda Rodrigo Duterte nashrga amerikaliklar xo‘jayinlik qilishi va tahririyat siyosatini belgilab berishi haqida aytib o‘tgan.

2018 yilda Rappler muxbiri bilan gaplashgan prezident: «Agar sizlar bizga axlat irg‘itmoqchi bo‘lsangiz, biz qila oladigan narsa tushuntirishdir. Lekin siz ham pokmisizlar?» deydi.

O‘sha yili prezident Rappler muxbirlariga ularning rasmiy faoliyatini taqiqlaganini e'lon qiladi va hukumat hatto saytning litsenziyasini ham bekor qiladi.

Ressa ko‘plab sudlarda qatnashishga majbur bo‘lgan. Rappler saytining o‘ziga nisbatan 11ta jinoiy ish ochilgan. Ressani esa soliqlarni to‘lamaslik, tuhmat qilish, xorijliklarning nashrga rahbarlik qilishi to‘g‘risidagi qonunni buzishda hamda internetda tuhmat tarqatishda ayblashgan.

Oxiri Mariya Ressa Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketadi va hatto AQShga qaytish haqida o‘ylay boshlaydi. Ammo vataniga qaytib keladi va kurashishga qaror qiladi.

Filippin jurnalistlar uchun dunyodagi eng xavfli davlatlardan biri hisoblanadi, 1992 yildan beri bu yerda 87 nafar muxbir o‘ldirilgan, ulardan to‘qqiz nafari Duterte davrida.

Matbuot anjumanlaridan birida prezidentga bu vaziyat uchun izoh berishini iltimos qilishadi. «Agar siz jurnalist bo‘lsangiz, bu sizni o‘ldirish mumkin emasligini anglatmaydi», deya fikr bildirgan Duterte.

Mamlakatdagi ko‘pchilik jurnalistlar hujumga uchragan, kaltaklangan va ularga suiqasdlar uyushtirilgan.

Ressa unga qarshi qilingan barcha ishlarni «siyosiy qurollar» deya ta'riflaydi. U Filippindagi so‘z va matbuot erkinligi uchun kurash ramziga aylangan. 2018 yilda Time jurnali Mariya Ressani yil odamlari sifatida tan olingan jurnalistlar qatoriga qo‘shgandi.

Filippinda Ressaga qarshi 10ga yaqin jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va agar u bu ishlarning hammasida aybdor deb topilsa, 100 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

«Faktlarsiz dunyo baribir haqiqatsiz va ishonchsiz dunyo bo‘lib qoladi. Hozir jurnalist bo‘lishning ayni vaqti. Qachonki bu ish bilan shug‘ullanish xavfli bo‘lsa, demak, bu aynan eng kerakli palla», degan Mariya Ressa o‘ziga mukofot berilganidan keyingi izohida.

Forbes va BBC ma'lumotlari asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top