20:04 / 19.10.2021
27928

Akmal Burhonov – korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlariga hokimlar rais bo‘lgani haqida

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi avvalgidek bosh prokuror emas, Senat raisi ekanidan kelib chiqilsa, uning mahalliy bo‘g‘inlariga mahalliy deputatlik kengashi raisi rahbarlik qilishi mantiqan to‘g‘ri, deydi Aksilkorrupsiya agentligi direktori. U jurnalist va blogerlarni hokimlarga nisbatan xolis yondashishga chaqirdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga hokimlar rais deb belgilangani yuzasidan izoh berdi.

Burhonovga ko‘ra, hududiy kengashlar o‘z hududida korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi, sohaga oid davlat dasturlari amalga oshirilishini ta'minlovchi va qilingan ishlar haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashiga hisobot berib boruvchi tuzilma hisoblanadi.

“Bu kengash korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ emas. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar sifatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Aksilkorrupsiya  agentligi belgilangan. Kengashlar esa kollegial organ hisoblanadi.

Prezident farmoni asosida qayta tashkil etilgan Milliy kengashga bosh prokuror emas, Senat raisi rahbarlik qiladigan bo‘ldi. O‘z navbatida, mantiqiy ravishda hududiy kengashlarga ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki Xalq deputatlar mahalliy kengashlari raislari (hokimlar)ning rahbarlik qilishi maqsadga muvofiqligi belgilandi”, – dedi Akmal Burhonov 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi: O‘zbekiston tajribasi va xorij amaliyoti” mavzusidagi davra suhbatida.

Agentlik direktori, hududiy kengash raisi hal qiluvchi ovozga ega bo‘lishi va o‘zi hokim bo‘laturib qanday nazorat qilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga javoban, kengash tarkibida jamoatchilik vakillari ham borligini bildirdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov

“Milliy kengash tomonidan hududiy kengashlarning namunaviy tarkibi tasdiqlanib, hududlarga yuborilgan. Mana shu namunaviy tarkibga qaraydigan bo‘lsak, a'zolarning 44 foizi – nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari. 12 foizigina ijro hokimiyatining a'zolari. Qolganlari – huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari. Ya'ni bu yerda bir-birini tiyib turish prinsipi bor.

O‘zi aslida bu tuzilmalarni tashkil qilishdan maqsad – korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda samarali faoliyat yuritish hisoblanadi.

Bugungi kunda mahalliy kengashning raisi hokim hisoblanadi. Agar qonunchilikka o‘zgartirish kiritilib, hokimlarning Xalq deputatlari mahalliy kengash raisligi bekor bo‘ladigan bo‘lsa, biz, albatta, hududiy kengashlar raislarini qayta ko‘rib chiqishimiz mumkin.

Lekin OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlardan bir narsaga munosabat bildirishdan avval nizomni yaxshilab o‘qish chiqish, kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va vazifalarini ko‘rib chiqishlarini so‘rab qolardim.

Eng muhimi, bizda shunaqa bo‘lib qolganki, amaldorlarga, davlat xizmatchilariga va ayniqsa hokimlarga nisbatan, ayniqsa shu blogerlar tomonidan “hammasi korrupsioner” deyiladi.

Men hozir hokimlarning yonini olmayapman, korrupsion jinoyatlar statistikasini ko‘radigan bo‘lsak, hokimliklarda shunday jinoyatlar bor, lekin bu hamma korrupsion jinoyatlar hokimliklar tomonidan amalga oshirilyapti degani emas-da. Lekin afsuski, jurnalistlar va ayniqsa blogerlardan [hokimlarga] mana shunaqa asossiz tamg‘alar qo‘yishda ehtiyot bo‘lishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim, chunki bu qonuniy jihatdan ham, insonparvarlik jihatidan ham to‘g‘ri kelmaydi. Jurnalistlar va blogerlar fikridan kelib chiqqan holda jamoatchilikda ham salbiy fikrlar tug‘iladi”, – deydi Burhonov.

Aksilkorrupsiya agentligi rahbari korrupsiyaga qarshi kurashish uchun ta'sir choralariga ega bo‘lmagan Milliy kengashni tuzish nima uchun kerakligi haqida berilgan savolga ham javob berdi.

“Aytib o‘tganimdek, bu hududiy kengashlar korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ emas, buning uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar bor. Shuningdek, bu statistika yuritadigan organ ham emas. Kengash – hududdagi korrupsion omillarni aniqlash, viloyatdagi har bir mahalliy hokimiyat idoralari faoliyatini monitoring qilib borish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, jamoat tashkilotlariga imkoniyat yaratib berish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit yaratish, profilaktik choralarni amalga oshirish, birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida tashkil qilinyapti.

Hududda nima uchun korrupsiya ko‘payyapti, bularning omillarini tahlil qiladi. Bu sohadagi ishlar samaradorligini oshirish uchun taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi. Idoralar mas'uliyatini oshirishga qaratilgan”, – dedi Burhonov.

Top