07:42 / 20.10.2021
8641

95 yoshli qirolicha Yelizaveta II “Yil kampiri” mukofotini olishdan bosh tortdi

Britaniya qirolichasi, shu yil aprelida 95 yoshini qarshilagan Yelizaveta II o‘zini “hali yosh his qilishi” sababli “Yil kampiri” (The Oldie of the Year) mukofotini olishdan bosh tortdi. Bu haqda mukofot raisi Jayls Brandres ma'lum qildi.

Foto: Chris Jackson/Pool via AP

Mukofot 29 yildan beri topshirib kelinadi.

Brandresning ta'kidlashicha, mukofot tashkilotchilari Bukingem saroyiga qirolichaning pandemiya vaqtidagi yetakchi rolini ta'kidlash maqsadida monarxga mukofotni topshirish taklifi bilan murojaat qilishgan, biroq rad javobini olishgan. “Oliya hazratlari inson o‘zini qanchalik keksa deb his qilsa, shunchalik qari bo‘ladi, deb hisoblaydi. Qirolichaning fikricha, u bu mukofotni olish uchun zarur bo‘lgan mezonlarga to‘g‘ri kelmaydi va siz unga munosibroq nomzod topasiz, deb umid qilib qoladi”, deb aytilgan qirolichaning shaxsiy yordamchisi Tom Leng-Beyker tomonidan imzolangan maktubda.

Mukofot tashkilotchilarining ta'kidlashicha, “Yil kampiri” (agar erkak kishiga topshirilsa “Yil choli”) mukofoti o‘z vaqtida Yelizaveta II’ning onasi Yelizaveta Bouz-Layonga, “Oskar” sohiblari va Nobel sovrindorlariga topshirilgan.

2011 yilda esa “Yil choli” mukofoti Yelizaveta II’ning marhum turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipga 90 yoshga to‘lganida topshirilgan. O‘shanda shahzoda mukofot bilan taqdirlanishiga hazilona munosabat bildirgan. “Yillar o‘tayotgani va bu jarayon borgan sari tezlashayotganini eslatish kabi hech narsa ruhiyatni bunday kuchli ko‘tarmaydi. Biroq boshqa tomondan, sen haqingda hali ham eslashlari yoqimli”, deb aytgan 2021 yilda 99 yoshida vafot etgan shahzoda.

Qirolicha Yelizaveta II 25 yoshida otasi Georg VI o‘rniga taxtga o‘tirgan. U 2015 yil sentyabrda qirolicha Viktoriyaning taxtni uzoq vaqt egallash bo‘yicha rekordini ortda qoldirgan. 2016 yil 13 oktyabrda Tailand qiroli Pumipon Adulyadet vafot etgandan keyin esa hayot bo‘lgan monarxlar orasida taxtni eng uzoq egallayotgan hukmdorga aylangan. Yelizaveta II, shuningdek, ayol monarxlar orasida bu borada rekordchi hisoblanadi.

2017 yil 6 fevralda qirolicha taxtda qolayotganining 65 yilligini nishonlagan va britan monarxlari orasida “yoqut” yubileyni nishonlashga muvaffaq bo‘lgan birinchi monarxga aylangan. 2022 yil 2 iyunda u Britaniya taxtini egallayotganiga 70 yil to‘ladi. Qirolichaning “platina” yubileyi munosabati bilan Londonda parad o‘tkazish rejalashtirilgan.

Top