22:19 / 21.10.2021
5606

Kongoda 165 bola noma'lum kasallikdan vafot etdi

Foto: Heiner Heine/Global Look Press

Kongo demokratik respublikasining Gungu tumanida avgust oxiridan beri noma'lum xavfli kasallikdan 165 bola vafot etdi. Bu haqda Actualite nashri xabar berdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, kasallik bilan 5 yoshgacha bolalar kasallanmoqda. Lozo-Munene va Kinzamba qishloqlari rahbariyatining ta'kidlashicha, kasallikdan har kun 4 nafardan bola vafot etmoqda.

Mahalliy shifokor Jan-Per Basake kasallik alomatlari bezgak va xafaqonlik alomatlariga o‘xshashligini aytgan. U ota-onalarni insektitsidlar bilan to‘yintirilgan chivinlarga qarshi to‘rlardan foydalanishga va zarurat yuzaga kelganda shifokorlarga murojaat qilishga chaqirgan. Tez orada mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi kasallikni aniqlash va uni davolash bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.

1976 yilda Ebola virusini aniqlagan kongolik mikrobiolog Jan-Jak Muyembe-Tamfum mamlakatda yangi xavfli kasallik paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Uning ta'kidlashicha, Ingende shahrida yashovchi bemorlardan birida gemorragik bezgak alomatlari qayd qilingan. Biroq bemordan olingan tahlillar unda Ebola virusi qo‘zg‘atuvchisi va boshqa kasalliklar izlari yo‘qligini ko‘rsatgan.

Olim yangi kasallik koronavirus kabi o‘ta yuqumli va undan o‘lim darajasi Ebola virusidagidek (50 foiz) yuqori bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid
Top