12:24 / 21.10.2021
1766

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida rejalashtirilgan loyihalarni ma'lum qildi

Bugungi kunga qadar Jizzax viloyatida birorta ham elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari bo‘lmagan. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Bu sohada 1 milliard dollarlik yirik loyihalar amalga oshirilib, quvvati 1 ming 200 megavatt bo‘lgan elektr stansiyalari barpo etiladi. Misol uchun, G‘allaorolda Birlashgan Arab Amirligining “Masdar” kompaniyasi tomonidan 150 million dollar sarmoya hisobiga quvvati 220 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi ish boshlaydi.

To‘qimachilik sanoatiga ixtisoslashgan Paxtakor, Arnasoy, Zarbdor, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahrida 550 million dollarlik 67 ta yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, Arnasoyda 25 million dollarlik mato bo‘yash va unga gul bosish loyihasi doirasida 1 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi. 

Shuningdek, viloyatda yiliga 50 ming tonna sun'iy tola ishlab chiqarish quvvatlari bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Natijada, ip-kalava ishlab chiqarish 1,7 barobar, gazlama mato 5 barobar, trikotaj mato 1,5 barobar va tayyor mahsulot 3 barobarga oshiriladi.

Oziq-ovqat sanoatida 720 million dollar bo‘lgan 250 ta loyiha doirasida 10 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Bunda, yuqori salohiyatga ega hisoblangan meva-sabzavot, go‘sht va sutni chuqur qayta ishlashni rivojlantirishga katta e'tibor qaratiladi. Jumladan, Sharof Rashidov tumanida to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga 270 ming tonna mahsulotlarni qayta ishlash, 30 ming tonna saqlash quvvatlariga ega “Mega-agrologistika kompleksi” ishga tushiriladi.

Charm-poyabzal sanoatida Do‘stlik, G‘allaorol va Sharof Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahrida 128 million dollarlik 30 ta loyiha amalga oshiriladi va 11 ming ish o‘rni yaratiladi. Misol uchun, Sharof Rashidov tumanida charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etiladi va 16 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada, eksport hajmi 5 barobarga oshib, 100 million dollarga yetkaziladi.

Farmatsevtika sanoatida imkoniyat katta bo‘lgan Baxmal, Zomin, Forish, G‘allaorol tumanlarida qiymati 350 million dollarlik 42 ta investitsiya loyiha amalga oshirilib, 15 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Buning uchun har bir tumanda ming gektardan plantatsiyalar tashkil etilib, dorivor o‘simliklar yetishtirish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha 4 ta klaster barpo etiladi.

Eng muhimi, sanoati past bo‘lgan Yangiobod, Zafarobod, Mirzacho‘l, Do‘stlik va Baxmal tumanlari uchun, yangi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab, yangi loyihalarga uch yil davomida soliq va bojxona imtiyozlari beriladi, “bir darcha” tamoyili asosida oilaviy tadbirkorlik va kichik biznes uchun, minitexnologiyalarni yetkazib berish, ularni 100 ming dollargacha moliyalashtirish va o‘qitish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Bunga 100 million dollar imtiyozli resurslar ajratiladi.

Shu bilan birga, Islom taraqqiyot banki va Saudiya Arabistoni hukumati bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi”dan viloyatdagi kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yana 100 million dollar yo‘naltiriladi. Bu orqali 25 ming nafar aholining bandligi ta'minlanadi.

Umuman, viloyatda kichik sanoat zonalari soni 23 tadan 40 taga yetkaziladi, hamda ularda 201 million dollarlik 375 ta katta-kichik loyiha amalga oshirilib, 10 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Viloyatdagi iqtisodiy zonalarni infratuzilma bilan ta'minlashga budjetdan 320 milliard so‘m yo‘naltiriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid
Top