10:46 / 22.10.2021
6200

Dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi - «O‘zgidromet»

Kecha kunduz kuni mamlakat hududiga Kavkaz hududlari ustida shakllangan nam va sovuq havo massalari kirib keldi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘di, tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatildi. Ba'zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘ldi. Kunduz kungi havo harorati 10-12 darajaga pasaydi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bugun respublika hududining katta qismida quruq va sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat 8-13 daraja iliqni tashkil etadi, bu oktyabr oyining oxirgi o‘n kunligi uchun bo‘lgan iqlimiy me'yorlardan 8-10 darajaga pastdir. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha va respublika tog‘li hududlarining ba'zi joylarida yog‘ingarchilik ehtimoli saqlanib turadi. Ayrim tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin.

Dam olish kunlari barcha hududlarda quyoshli, lekin salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu kunlarda harorat me'yordan past bo‘ladi. Ertaga kechasi havo harorati 2 daraja sovuq - 3 daraja iliqni tashkil etadi, kunduz kuni 11-16 daraja iliqdan oshmaydi. Yakshanba kuni havo biroz iliq bo‘ladi, kechasi 0-5 daraja iliq, ba'zi joylarda 2 daraja sovuqqacha, kunduz kuni 13-18 daraja iliq bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top