14:02 / 23.10.2021
17486

“O‘z vaqtida bolalarimning o‘qishiga jiddiy e'tibor berganimdan faxrlanaman” - 8 farzandni o‘qitgan Muhabbat aya hikoyasi

“Bolalarim “Ko‘ylagingiz bo‘lmasa ham, hech nolimagan ekansiz-a?” deb hayron bo‘lishadi... Hozir yiliga 2 marta sanatoriyda dam olib kelaman. Behisob shukur, hoji ona ham bo‘ldim”, – deydi turmush mashaqqatlariga qaramay farzandlarining o‘qishiga alohida e'tibor bergan qorako‘llik Muhabbat aya.

Eng yaxshi investitsiya – ta'limga. Bu qoidaga amal qilib, farzandini o‘qitish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilayotgan ota-onalar O‘zbekistonda juda ko‘p. Ular orasida bergan tarbiyasi va mehnatining rohatini ko‘rayotganlar – yosh ota-onalar uchun ham o‘rnak, ham ilhom manbayi bo‘la oladi.

Kun.uz bolalarini qo‘llab-quvvatlab kam bo‘lmayotgan ota-onalar bilan suhbatlar tashkil etib borishga qaror qildi. Birinchi qahramonimiz – qorako‘llik Muhabbat Ochilova.

Muhabbat aya – 71 yoshda, 1950 yilda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Qaymoqchi qishlog‘ida tug‘ilgan. 9 farzandning onasi Muhabbat aya turmush o‘rtog‘i bilan birga farzandlarining ta'limi uchun umrini, bor daromadini sarflagan.

Foto: Muhabbat Ochilovaning oilaviy suratlaridan

8 farzandini ham oliy ma'lumotli qilgan, hozir ularning hammasi nufuzli lavozimlarda, yaxshi joylarda ishlaydi. Muhabbat ayaning hikoyasi ota-onalar uchun foydali bo‘lishiga umid qilamiz.

“Maktabga direktor bo‘lmoqchi edim, ammo o‘qiy olmadim”

— Qishloqda tug‘ilganim uchun bolaligim, yoshligim ham qishloqda o‘tdi. O‘ninchini (10-sinfni) bitirib, kolxozda ishlay boshlaganman. Paxta yerlarida tabelchi bo‘ldim, pilla tutdim, paxta terdim, dehqonchilik bilan shug‘ullandim. 1973 yilda turmushga chiqqanman. Turmush o‘rtog‘im – Abdurashid Ochilov jurnalist edi. Uzoq yillar tuman gazetasida jurnalist, bosh muharrir sifatida, hokimlikda mas'uliyatli lavozimlarda ishlagan.

Menda esa oliy ta'lim olish imkoni bo‘lmagan. Maktabda yaxshi o‘qiganman, o‘qishga juda-juda qiziqardim. Dadam bir o‘rtada kasal bo‘lganlar, oilaviy holat sabab kolxozga ishga kirganman. Bolaligimda yaxshi o‘qib, maktabga direktor bo‘lishni orzu qilardim. (kuladi)

Turmush o‘rtog‘im bilan bir-birimizni yoqtirib turmush qurganmiz. U Toshkentda 5 yil jurnalistikada o‘qigan, men esa qishloqda edim. Xat olib xat berardik, u paytlari telefon degan narsa bo‘lmagan. (kuladi)

“Bolalarimning hammasi yaxshi ishlarda ishlashadi”

— Qishloqda bola tarbiyalash oson emas. Ish ko‘p bo‘ladi. Hammasiga ulgurishga to‘g‘ri kelardi. Lekin bolalarim maktabga qatnay boshlagach, yumushlar sabab birorta bolamni darsdan olib qolmaganman. Bugun o‘sha paytda bolalarimning o‘qishiga qattiq e'tibor berganim uchun faxrlanaman.

Qiyinchilik paytlar, albatta, bo‘lgan. Katta farzandim, qizim kasallik bilan ancha kurashib vafot etdi. Uning qiynalayotganini ko‘rib men ham siqilganman, bir vaqtning o‘zida boshqa bolalarimning tarbiyasiga e'tiborli bo‘lishim kerak edi.

Foto: Muhabbat Ochilovaning oilaviy suratlaridan

Hozir bularning mevasini ko‘ryapman. Katta o‘g‘lim “Toza hudud” DUKda bosh injyener, ikkinchi o‘g‘lim katta fermer, uchinchisi ekologiya tizimida rahbar lavozimida ishlaydi. Undan keyingi o‘g‘lim ichki ishlar tizimida, podpolkovnik. Keyingi bolalarim – Hasan-Husanlar, biri Toshkent davlat yuridik universitetida kafedra mudiri, biri Toshkent viloyatida huquq tizimida ishlaydi. Qizlarimning biri – o‘qituvchi, yana biri esa yurist.

Nevaralarim ham sekin-sekin oliy ma'lumotli bo‘lyapti.

“Bolalarini uradiganlarni tushunmayman”

— Dadasi ertalabdan kechgacha ishda bo‘lardi. Bolalar va uy ishlari, asosan, o‘zimning bo‘ynimda edi. Bobo va buvisi ham bolalarimga qarashga, tarbiyalashga yordam berishgan, keyinroq alohida ko‘chib chiqqanmiz.

6 o‘g‘ilni mahkam tutish oson emas. O‘g‘il bolaning tarbiyasi og‘irroq bo‘ladi. Ularni mehnatga o‘rgatishga harakat qildim. Hozir bolalarim: “Ona, siz bizni yaxshi tarbiyalagan ekansiz”, deb aytishadi. Allohga shukur, eshitib xursand bo‘laman.

Foto: Muhabbat Ochilovaning oilaviy suratlaridan

O‘ylab qarasam, bolalarimni kichikligida umuman urmagan ekanman. Faqat Hasan-Husanni 2 martagina loyga botib kelishganda urganman. Lekin juda ko‘p erkalamasdim ham, hammasi me'yorida edi. Hozir bolalarini jahl bilan uradiganlarni ko‘rsam, hayron qolaman.

“Ikkita kontraktni birday to‘lash uchun yelib-yugurgandik”

— Hasan-Husanlarimning ikkalasi ham birdaniga Yuridik universitetga kontraktga kirishgan. U paytlari kontraktda o‘qish endi boshlangandi. Eshigimizda molimiz bo‘lmaganda ham bolalarimizning o‘qishi uchun harakat qilganmiz. O‘sha paytlari mol boqdik, pilla tutdik, tomorqaga ekkan narsalarimizdan bozorga chiqarib sotdik – amalladik.

Ikkita kontraktni birdaniga to‘lay olmay, xafa bo‘lgan paytlarimiz bo‘lgan. Dadasi hech narsa demay qo‘yardilar. “O‘tib ketar, shunchasi o‘tdi, bu qiyinchilik ham o‘tar”, deb harakat qilardik.

Bolalarimiz ham harakatchan edi, maktabda dars o‘tib, ishlab, bir-biriga yordam berib yo‘llarini topib ketishdi.

“Hoji ona bo‘ldim”

— Turmush o‘rtog‘im 53 yoshda vafot etdi. U payt o‘g‘illarimdan endi 3 nafarini uylantirgan edik. Hali 5 farzandim uylanmagan, turmushga chiqmagan edi. Ularni ham uyli-joyli qildim, farzandlarimning o‘zlari ham bir-biriga qarashdi.

Hozir har yili 2 marta sanatoriyga borib dam olib kelaman. Haj ziyoratiga borib, hoji ona ham bo‘ldim, behisob shukur. Bolalarim “Ko‘ylagingiz bo‘lmasa ham, hech nolimagan ekansiz-a?” deb hayron bo‘lishadi. Mana bugun bemalol dam olib, sanatoriylarga ham borishga imkonim bo‘lyapti.

Foto: Muhabbat Ochilovaning oilaviy suratlaridan

Lekin ko‘p yillar mehnat bilan yashaganim uchun hozir ham tinch o‘tirgim kelmaydi. O‘z ishimni o‘zim qilib yuraman.

“Bolaga tanlov imkonini berish kerak”

— Yosh onalarga qiyinchilikdan qo‘rqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Mayli, biroz qiynalishingiz mumkin, pul yetishmasligi mumkin, sabr qilish va mehnat qilishdan to‘xtamaslik kerak. Bolalarning tarbiyasiga alohida e'tibor berish, ularga ro‘zg‘or ishlarini ham o‘rgatib borish kerak.

Bolaga tanlov qilish imkonini berish: yaxshi o‘qisa, mehnat qilsa, qanday hayotda yashashini, mehnat qilmasa, o‘qimasa, qanday turmush kutayotganini ko‘rsatish lozim. Bola shunda, albatta, yaxshisini tanlashga va shunga yarasha mehnat qilishga o‘rganadi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top