12:24 / 25.10.2021
1960

Kun.uz’da tanqid qilingan muammo qariyb bir yil o‘tib hal bo‘ldi

Qashqadaryoda Muborak gazni qayta ishlash zavodi yaqinida joylashgan Qarliq qishlog‘iga gaz beriladigan bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga mahalla ahli ma'lum qildi.

2020 yil 22 dekabr kuni Kun.uz’da «Zavod yonida gazning hidini hidlab yashayapmiz». Muborakdagi qishloq ahli gaz ta'minoti qayta tiklanishidan umidvor» sarlavhasi bilan tanqidiy maqola berilgandi. Maqolada Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan Qarliq qishlog‘i Muborak gazni qayta ishlash zavodi yonida joylashganiga qaramasdan, tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgani va bundan qishloq aholisi qiynalayotgani yoritilgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, Qarliq qishlog‘ini tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulash ishlari boshlanibdi. Bu haqda Energetika vaziri A.Sultonov nomidan «O‘zbekneftgaz» AJ rahbari M.Abdullayev va «Hududgazta'minot» AJ rahbari B.Eshmurotovga ko‘rsatma berilgan. Unga ko‘ra joriy yil 15 oktyabrgacha past bosimli gaz konlari hisobidan Muborak tumanidagi Qarliq va Xo‘jamuborak qishloqlarida jami 3 612 ta xonadonni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, mazkur qishloqlarga tabiiy gaz ta'minotini qayta tiklash masalasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtova ham bir necha bor ko‘targan.

Kun.uz Muborak tumani hokimligi axborot xizmati bilan bog‘lanib Qarliq va Xo‘jamuborak qishloqlarining tabiiy gaz bilan ta'minlanishiga oid qilinayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot oldi. Unga ko‘ra har ikkala qishloqning tabiiy gaz tarmog‘iga ulanishi qilinadigan ishlar hamda bu uchun kerak bo‘ladigan jihozlar hisoblangan va quvurlar masalasida yordam ko‘rsatilishini so‘rab «O‘zbekneftgaz» AJga murojaat qilingan.

Ma'lumot uchun, «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini tarkibiga kiruvchi Qarliq va Xo‘jamuborak qishloqlarida tabiiy gaz ta'minoti 2013 yilda uzib tashlangan.

Top