14:35 / 26.10.2021
18110

«Ish falokatga qarab ketmoqda». BMT qishda Afg‘onistonga ommaviy ocharchilik xavf solayotganidan ogohlantirdi

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi ekspertlarining ogohlantirishicha, agar zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilmasa, oldindagi qishda millionlab afg‘onlar ochlikka mahkum bo‘lishi mumkin. Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘p qismi - 22,8 millionga yaqin kishi «favqulodda» oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch kelgan, besh yoshgacha bo‘lgan yoshdagi 3,2 million bola to‘yib ovqatlanmaslikdan azob chekadi.

Foto: EPA

«Afg‘onistonda hozirda dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan biri yuzaga kelgan, agar eng og‘iri bo‘lmasa. Ish falokat sari ketmoqda», degan Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Devid Bizli.

«Tolibon» harakati avgust oyida xorij harbiylari olib chiqib ketilishi ortidan Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgandi.

Hokimiyat almashuvi shusiz ham zaif, bungacha chetdan keladigan yordamlarga qarab bo‘lib kelgan Afg‘oniston iqtisodiyotini yanada kuchsizlashtirdi. G‘arbdagi derjavalar yordam ko‘rsatishni to‘xtatishdi, Jahon banki va Xalqaro valuta fondi moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatdi, mamlakatning to‘qqiz milliard dollarga yaqin valuta zaxirasi AQSh markaziy banki tomonidan muzlatib qo‘yilgan - toliblar ega chiqmasligi uchun. Yordam qachon tiklanishi noma'lum, chunki toliblarning hukumatini dunyoda deyarli hech bir  davlat tan olmayapti.

Qaysidir davlat YaIMning kamida 10 foizlik ulushini tashqi yordam tashkil etsa, bu davlat xorijdan keluvchi yordamga qaram hisoblanadi. Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston yalpi ichki mahsulotining 40 foizga yaqin qismini xalqaro yordamlar tashkil etgan.

Hozirda ko‘plab afg‘onlar ovqat sotib olish uchun o‘z mulklarini sotishga majbur bo‘lmoqda. Toliblar ma'muriyati xorijdagi aktivlardan foydalana olmaydi, bu shuni anglatadiki, davlat xizmatchilariga maosh to‘lash uchun ham pul yo‘q.

«Men oxirgi bor besh oy muqaddam maosh olgandim. Yashash qiyin. Men uyimizdagi bor narsani sotdim. Biz uy jonivorlarini sotdik, o‘tin qilish uchun daraxtlarimizni kesdik», deydi Hirotdagi o‘qituvchilardan biri BBC bilan suhbatda.

Kobul aholisining ko‘pchilik qismini tashkil etuvchi qashshoqlar uchun asosiy muammo - ochdan o‘lmaslik uchun har kuni bir necha yuz afg‘oniy topish hisoblanadi.

Har tongda erkaklar kunlik ish izlab yo‘lga chiqishadi, ammo topilgan chaqalar hech narsaga yetmaydi

Erta tongda Kobuldagi bozorlardan birining oldida kunlik ish topish uchun bir necha yuz quruvchi to‘planadi.

Shahardagi katta qurilishlar to‘xtab qolgan. Banklar yopiq. Xorijdan moliyalashtirish oqimi ham yopilgan, bori ham dengizdan tomchilar.

Bir necha quruvchini tanlab olib ketishadi, qolganlar norozi bo‘lib qolaveradi. Shundaylardan biri Hayot Xon so‘nggi yigirma yil mobaynida korrupsiyaga botgan elita xorijdan ajratilgan pullarni o‘zlashtirib kelganini aytadi.

«Boylar kambag‘allar haqida emas, faqat o‘zi haqida o‘ylaydi. Men hatto non sotib ololmayman. Ishoning, men bir dollar ham topolmayman boylar esa G‘arbdan kelgan har bir dollarni cho‘ntakka urgan.

Hech kim qashshoqlarni o‘ylamaydi. Boshqa mamlakatdan yordam kelganida, hokimiyatdagilar bu yordamlarni shunday qilishadiki, bundan kambag‘allar emas, faqat ularning qarindoshlari bahramand bo‘lishadi», deydi u.

Hayot Xon uning pullarini Afg‘onistondan qochib ketgan boylar o‘g‘irlaganini aytadi

BMT dasturiga mablag‘ kelmayapti
«Odamlar bu yerda gadoy. Kecha men mahalliy mehmonxonadagi chiqindi idishlarini titib, ovqat qoldiqlarini yig‘ayotgan ayolni uchratdim. Men undan nega bunday qilayotganini so‘radim, u chaqalog‘i uchun ovqat topishga urinayotganini aytdi», deydi Qandahorda yashovchilardan biri.

Jahon oziq-ovqat dasturi yaqinlashib kelayotgan qish omon qolish uchun xalqaro yordamlarga qaram bo‘lgan afg‘onlarga yanada ko‘proq qiyinchiliklar bilan tahdid solayotganidan ogohlantirdi. Bundan tashqari, tashkilotning xabar berishicha, Afg‘onistonda shahar aholisi ilk marta xuddi qishloqdagilar kabi oziq-ovqat yo‘qligidan aziyat chekmoqda.

EPA

Sentyabrda Jahon oziq-ovqat dasturi afg‘on oilalarining atigi 5 foizi har kuni yetarlicha oziq-ovqat bilan ta'minlangani haqida ogohlantirgandi. O‘simlik moyi va bug‘doy kabi asosiy ingrediyentlar narxi keskin ko‘tarilib ketgan. Oktabr oyida tashkilot vaqtida davolash choralari ko‘rilmasa milliondan oshiq bola to‘yib ovqatlanmaslik oqibatlaridan halok bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Sentabr oyida Jyenevada o‘tkazilgan konferensiyada xalqaro hamjamiyat afg‘onlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mlrd dollar miqdorida yordam ajratishga kelishib olgandi, shu bilan birga, bu mablag‘larning uchdan bir qismini Jahon oziq-ovqat dasturi faoliyati uchun yo‘naltirish va'da qilingandi.

Jahon oziq-ovqat dasturi dushanba kuni bergan ma'lumotlarga ko‘ra, BMTning insonparvarlik yordami dasturi hozircha ajratilgan mablag‘ning uchdan bir qisminigina olgan. Tashkilotning ma'lum qilishicha, Afg‘onistonga oziq-ovqat bilan yordam ko‘rsatish uchun har oyda 220 mln dollar talab etilishi mumkin va hozirgi moliyaviy yordam «dengizdan tomchi» bo‘lib qoladi.

Afg‘onistondagi oziq-ovqat inqirozi suvsizlik va kuchli qurg‘oqchilik sabab yanada chuqurlashgan - so‘nggi to‘rt yilda ikkinchi mavsum dehqonlar hosil ololmadi.

Hozirda, iqtisodiy kollaps fonida afg‘onlarning aksari bolalarini qanday ovqatlantirish haqida o‘ylamoqda

Gazeta: Kobulda sakkiz nafar yetim bola ochlikdan halok bo‘ldi
Afg‘onistondagi «Hasht-ye-Sobh» gazetasining yozishicha, Kobuldagi tumanlardan birida 3 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan sakkiz nafar yetim bola ochlikdan jon bergan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, ular yaqinda ota-onasidan ayrilgan va hech qanday homiysiz qolgandi.

Ularni dafn etgan mahalliy imomlardan biri jurnalistlarga aytishicha, poytaxtdagilar ularga vaqti-vaqti bilan yemak berib turishgan, ammo ularning barchasi to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida halok bo‘lgan.

Shia-hazoriylar vakili bo‘lgan siyosatchi Muhammad Muhaqiqning aytishicha, vafot etgan bolalar aynan shu jamoatga mansub bo‘lgan, shu tufayli toliblar yetakchilari ularning ahvoli bilan qiziqmagan. Uning qayd etishicha, bolalarning barchasi Kobuldagi shialar mahallasida yashagan.

«Ariana» telekanali xabar berishicha, toliblar bolalar ochlikdan vafot etgani haqidagi ma'lumotni o‘rganishga kirishgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top