20:23 / 27.10.2021
4093

AQShda Xitoyning yirik telekommunikatsiya kompaniyasi litsenziyasi to‘xtatildi

AQShda Xitoyning eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalaridan biri China Telecom’ning litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi. Vashington buni kompaniya AQShning milliy xavfsizligiga tahdid solishi bilan tushuntirgan.

Foto: AFP

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, China Telecom 60 kunga AQShda xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatishi kerak.

AQShning aloqa bo‘yicha federal komissiyasi (FCC) vakillarining ta'kidlashicha, Xitoy hukumati tomonidan nazorat qilinuvchi kompaniya “AQShdagi aloqa kanallariga kirishi, ulardagi ma'lumotlarni saqlashi, ular ishiga to‘sqinlik qilishi” mumkin. Bu esa kompaniyaga “josuslik yoki AQShga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga” imkon beradi.

AQShda 20 yildan beri xizmatlar ko‘rsatuvchi China Telecom Vashingtonning bu qarorini “ranjituvchi” deb atagan.

“Biz mijozlarimizga xizmat ko‘rsatishni davom ettirish uchun barcha imkoni bor variantlardan foydalanmoqchimiz”, deb aytilgan kompaniya bayonotida.

China Telecom Xitoy telekommunikatsiya bozorida yetakchilik qiluvchi uchta kompaniyadan biri hisoblanadi. Kompaniya 110 ta davlatda 335 mlndan ko‘proq mijozga ega. U keng polosali internetdan tortib to mobil va statsionar telefon tarmoqlarini qamrab oluvchi keng turdagi xizmatlarni taqdim qiladi.

Top