22:11 / 27.10.2021
24811

“Men tezpishar lag‘mon sotmayman – men odamlarga vaqt beraman”

Yaponiyalik Momofoku Ando urushdan keyingi davrda quritilgan lag‘mon va ziravorlar xaltachasidan iborat to‘plamni o‘ylab topgan. Hozirda u asos solgan Nissin kompaniyasi yiliga 4,2 mlrd dollar daromad ko‘rmoqda.

Foto: AFP/Europress

Quritilgan lag‘mon kashfiyotchisi Momofuku Ando 1910 yilda Tayvanda tug‘ildi. Ota-onasi erta vafot etishgani sababli bolani matolar do‘konini boshqaradigan buvasi hamda buvisi katta qilishdi.

U 22 yoshidan tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshladi. Taybeyda to‘qimachilik kompaniyasini ochdi. 23 yoshida Yaponiyaga ko‘chib o‘tdi. Osakada kiyim-kechak ishlab chiqarish kompaniyasini boshqardi. Shuningdek, aynan shu davrda Kiotodagi Ritsumeykan universitetida iqtisodiyot bo‘yicha o‘qidi.

Ando 1930-yillarda / Foto: Nissin.com

Ikkinchi jahon urushi vaqtida Ando slayd proyektorlar yaratdi, ko‘mir sotdi, kazarmalar qurdi, tuz ishlab chiqardi va maktabni boshqardi. 1948 yilda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun ikki yil qamoqxonada o‘tirdi. 1950 yilda kredit ittifoqi direktori bo‘ldi, biroq 1957 yilda ishidan va bankrotlik tufayli hamma mol-mulkidan ayrildi.

1955 yilda Yaponiya II jahon urushi oqibatlarini boshdan kechirayotgan, mamlakatda esa ochlik kuzatilayotgandi. AQSh mamlakatga gumanitar yordam sifatida bug‘doy unini yetkazib berardi. Mamlakat rasmiylari aholini yaponlar orasida ommalashmagan nonni yeyishga undashardi.

Andoning hikoya qilishicha, unda lag‘monning yangi turini yaratish g‘oyasi ramyon sotilayotgan rasta yonidan o‘tib ketayotganida tug‘ilgan. U yerda juda katta navbat kutish yuzaga kelgandi. Tadbirkor oson tayyorlanadigan va uzoq saqlanadigan lag‘mon yaratish haqida o‘ylay boshladi.

Bir kuni u tanishi Kunidaro Arimoto bilan uchrashib qoldi. O‘sha vaqtda Arimoto hukumatda ishlardi. Ando unga shunday dedi: “Nonga qo‘shimcha (“nachinka”) yoki garnir kerak. Lekin yaponlar uni faqat choy bilan yeyishadi. Bu esa salomatlik uchun foydali emas. Bizda lag‘mon azal-azaldan iste'mol qilinadi. Nima uchun undan tayyorlangan lag‘monni targ‘ib qilmaslik kerak, axir yaponlarga yoqadi-ku?” Savolga javoban Arimoto bu muammoni o‘zi yechishini aytdi.

1957 yilda tadbirkor lag‘mon tayyorlash uchun avval ishlatilgan mashina, 18 kg un, o‘simlik yog‘i va boshqa masalliqlarni sotib oldi. Uyidagi bog‘da o‘choq va dastgohli shiypon qurdi va bir yilni tajriba uchun sarfladi. U sutkasiga to‘rt soatdan ortiq uxlamasdi.

Nissin muzeyi. Ando ishlagan shiyponning qayta yaratilgan nusxasi / Foto: Cupnoodles Museum

Mahsulot yaratish bo‘yicha harakatlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugardi. Bir kuni u rafiqasi tempura (an'anaviy yapon ovqati)ni qanday qovurayotganini kuzatdi, tez qovurish jarayonida lag‘mon suvdan xalos bo‘lishini ko‘rdi. Qaynagan suv qo‘shish orqali lag‘mon yana iste'mol uchun tayyor bo‘lardi. Bu yondashuv mahsulotning asosiga aylandi. 1958 yilda Ando retseptni ishlab chiqdi.

Yarimtayyor lag‘mon ishlab chiqarish

1958 yilda Ando Nissin deb nomlangan qizil va sariq rangli qadoqdagi tez tayyorlanadigan lag‘monning ilk o‘ramini ishlab chiqardi.

Nissin lag‘monining ilk o‘rami shunday ko‘rinishda edi. Foto: Nissin muzeyi

Kompaniya nomi – “Nissin”ni Andoning o‘zi o‘ylab topgan. Uni “kundan kunga musaffo va muhtasham ta'm yaratish” deya tarjima qilish mumkin.

Andoning ilk mahsuloti “Nissin Chikin Ramen” deya nomlangandi. Uning o‘ramida ham ingliz, ham yapon tillarida yozilgan edi.

Lag‘mon tovuq va ziravorlar hamda ta'm va hid kuchaytirgichlar bilan to‘yintirilib, palma yog‘ida qovurilgandi. Xaridor uning ustiga qaynagan suv quyib, uch daqiqadan keyin iste'mol qilishi mumkin edi.

Narxi 37 iyen (2021 yilda bu 1,8 dollar degani), oddiy udon lag‘moni esa 6 iyen (2021 yilda 0,3 dollarga yaqin) bo‘lgan. Yangi kashf etilgan lag‘monning yaroqlilik muddati uzoqroq edi.

Tovuq ta'mli lag‘mon global muvaffaqiyat olib keldi. Birinchi yil kompaniya Chikin Ramen'dan 16 million porsiya sotdi. Besh yildan keyin esa Chicken Ramen'ning yillik savdolari 4,3 mlrd iyen (2021 yil bo‘yicha 2 million dollardan ortiq)ga yetdi.

“Tovuq sho‘rvasidan foydalanilgani uchun tezpishar ramyon turli mamlakatlarda diniy taqiqlarni cheklab o‘ta oldi. Hindlar mol go‘shtini, musulmonlar esa cho‘chqa go‘shtini yeyishmaydi. Biroq tovuq go‘shti iste'molini taqiqlovchi madaniyat, din yoki mamlakat yo‘q”, – degandi Momofuku Ando.

1963 yilda Nissin ziravorlari alohida qadoqda bo‘lgan tezpishar lag‘mon Nissin Yakisoba'ni bozorga chiqardi. O‘sha vaqtda kompaniya yiliga 200 millionta o‘ramdagi lag‘monni sotardi. 1968 yilda 3,5 milliard o‘ramdan ortiq sotilgan.

Cup Noodles – stakandagi lag‘mon

1960-yillar oxiriga kelib, Ando tezpishar lag‘monni xalqaro bozorga olib chiqdi.1970 yilda AQShda Nissin Foods shu'ba korxonasini ochdi. U yerda lag‘mon Top Ramen markasi ostida sotilgan. Bozorning mahalliy o‘ziga xos xususiyati ma'lum bo‘ldi – amerikaliklar lag‘monni ko‘pincha stakanda tayyorlashgan.

Ando amerikalik xaridorlarga lag‘monni idishi bilan sotishga qaror qildi. Shu tariqa, Cup Noodles formati paydo bo‘ldi. Kashfiyotchi bir qo‘lda ushlash mumkin bo‘lgan idish ustida ishladi. Kompaniya idishni penoplastdan ishlab chiqdi.

Stakandagi lag‘mon 1971 yil 18 sentyabrda chiqdi. Yil yakuniga ko‘ra, kompaniya savdolari 21 mlrd iyendan ortdi. Bu 2021 yildagi 588 mln dollarga yaqinlashadi.

AQShda mazkur mahsulot 1993 yilgacha Cup O' Noodles deb ataldi. Keyin esa “O” olib tashlandi. Mahsulot nafaqat AQSh, balki Yaponiyada ham sotilardi.

Ando 1971 yilda, yangi mahsulot – Cup Noodles bilan / Foto: Nissin.com

U vaqtda bir stakan lag‘mon 100 iyen, o‘ramdagi lag‘mon esa 25 iyen bo‘lgan. Shuning uchun dastlab savdolar yaxshi emasdi. Ando butun mamlakat bo‘ylab lag‘monni tayyorlash uchun qaynoq suv beradigan maxsus apparat o‘rnatishni o‘ylab topdi. Yaponiya bo‘ylab 20 mingdan ortiq apparat o‘rnatildi.

Cup Noodles lapshalarini sotuvchi avtomat / Foto: Ucarecdn.com

1971 yilda McDonald's Yaponiyadagi ilk restoranini Ginza tumaniga joylashtirdi. Ando esa Cup Noodles bilan savdo qiladigan do‘konini ana shu restoran ro‘parasida ochdi.

Mahsuloti u qadar mashhur bo‘lmagani uchun Nissin uni politsiyachilar va boshqa xavfsizlik kuchlariga sotmoqchi bo‘ldi. 1972 yil Cup Noodles'ni mashhur qilgan hodisa sodir bo‘ldi. Televideniyeda Asama-Sanso tog‘ pansionatidagi noxush voqea keng yoritilardi. Besh nafar qurollangan kishi pansionat binosini egallab olib, bir ayolni garovga oladi. Keyingi 10 kun davomida Yaponiya televideniyesida bu voqea keng yoritildi.

Tokio shahar politsiya boshqarmasi xodimlari pansionat qamali vaqtida Cup Noodles lag‘monini yeyishgan sahna omma orasida mashhurlikka erishdi. Ana shu voqeadan keyin savdolar hajmi keskin oshdi. Mashhurlik shu darajaga yetdiki, Nissin kuniga 650 ming o‘ram ishlab chiqarsa ham talabni qondira olmadi.

Yapon politsiyachilari Cup Noodles tanovul qilmoqda / Foto: Nissin

1989 yilga kelib, Cup Noodles an'anaviy o‘ramdagi lag‘monga nisbatan yaxshiroq sotila boshlandi. 2021 yilga kelib, u klassik lag‘monga qaraganda ikki marta mashhurroq.

Cup Noodles muvaffaqiyatga erishgani tufayli global ravishda kengaydi.

  • 1975 yilda Nissin Braziliyaga keldi;
  • 1981 yilda esa Singapurda ochildi (1981 yil yakuniga ko‘ra savdolar 111 mlrd iyendan ortiqni tashkil etdi);
  • 1984 yilda Gonkongda;
  • 1991 yilda Hindistonda;
  • 2008 yilda Rossiyada;
  • 2011 yilda Vetnamda paydo bo‘ldi (yil yakunlariga ko‘ra savdolar 371 mlrd iyendan ortiq bo‘ldi).
Lapshani qaynatib olish uchun o‘rnatilgan qaynoq suvli avtomatlar / Foto: Nissan

1999 yilning noyabr oyida kompaniya Osakada Cupnoodles Museum lag‘mon tarixi muzeyini ochdi. Tashrifchilar ramyon uchun mustaqil tarzda lag‘mon tayyorlashlari, uning uchun g‘aroyib dizayndagi o‘ramni yaratishlari, Ando shiyponining qayta tiklangan nusxasini tomosha qilishlari va lag‘mon bilan bog‘liq interaktiv ko‘ngilochar o‘yinlarni ko‘rishlari mumkin.

Nissin tarixiga ko‘ra, Ando 94 yoshga to‘lganida o‘zining so‘nggi kashfiyoti – fazoda tayyorlash mumkin bo‘lgan tezpishar lag‘mon Space Ram'ni yaratdi. Kompaniya tomonidan ma'lum qilinishicha, fazoviy sharoitlarga mos bo‘lishi uchun lag‘mon retsepti o‘zgartirildi. Bundan tashqari, vaznsizlik sharoitida “suzib ketish”ga qo‘ymaslik uchun lag‘mon tuxum oqi bilan qoplangan. Sho‘rvasi ham quyuqroq tayyorlangan.

Kompaniya ziravorlar ta'mini kuchaytirdi. Chunki fazoda retseptorlarning sezgirligi kamayadi. Lag‘mon 70 ℃ darajada pishishi uchun undagi kraxmal darajasi ham o‘zgartirildi. Firma bunday lag‘monning bir necha – tovuqli, dengiz mahsulotlari va karri ta'mi variantlarini yaratdi.

“Hayratlanarli jihati, Yerda iste'mol qilganimdagidek ta'mdagi tezpishar lag‘monni iste'mol qila oldim”, degandi kosmonavt Soiti Noguti.

Kosmonavt Soiti Noguti quritilgan lag‘monni kosmosda iste'mol qilmoqda.
U 2005 va 2009 yillarda Nissan lapshalarini o‘zi bilan fazoga olib ketgan / Foto: Nissan

Nissin bu lag‘mondan “No Border” seriyali reklama videoroliklarida foydalandi.

2007 yil 5 yanvarda 96 yoshda Momofuku Ando hayotdan ko‘z yumdi. Vafot etguniga qadar deyarli har kuni u Chikin Ramen iste'mol qilgan. O‘g‘li Koki kompaniya bosh direktori bo‘ldi. Vitse prezident va kompaniya operatsion direktorligiga ikkinchi o‘g‘li Noritaka tayinlandi. 2021 yilda ham kompaniyani ular boshqaryapti.

Momofuku Ando tamoyillari

Tadbirkor o‘z hayoti va faoliyatining tamoyillarini quyidagicha bayon etgan.

  • Taom bilan bog‘liq ish – muqaddas kasb.
  • Yegulik yetarlicha bo‘lganida jahonda tinchlik bo‘ladi.
  • Go‘zallik va salomatlik uchun oqillik bilan ovqatlaning.
  • Atrofingizga katta qiziqish bilan qarang.
  • Oziq-ovqat – global sanoat.
  • Shikoyat qilishni to‘xtatganda, aql bovar qilmas kuch topasiz.
  • Yangi narsa yaratish imkoniga ega bo‘lmagan hech bir kompaniya uzoq umr ko‘rmaydi.
  • Men tezpishar lag‘mon sotmayman. Men mijozlarga vaqtni taklif etaman.
  • Odamlar ovqatlanmasa, hech narsa qilolmaydi.

Ando vafotidan keyingi Nissin

Nissin lag‘monning yangi ta'mlari ustida doimiy ravishda tajriba olib bormoqda. Kompaniya har yili bozorga 300dan ortiq mahsulot chiqaradi, biroq ularning 1 foizigina doimiy ishlab chiqarishda qoladi. Shu tariqa 2006 yilda AQSh uchun mahsulotlari retseptini o‘zgartirishdi.

Retsept yangilangani bilan, narx o‘zgarmay qoldi: bitta o‘ram uchun 45 sent. Kompaniya yangi retsept ustida bir yil davomida o‘nta xodim shug‘ullanganini ma'lum qildi. Yangi tovuqli lag‘mon ta'mini yaratish uchun 13 marta urinib ko‘rishgan.

2009 yilda Nissin past kaloriyali Cup Noodles lag‘monini ishlab chiqardi. U ovqatlanishiga e'tiborli kishilar uchun mo‘ljallangan. Yangi lag‘monda 198 kilokaloriya bor edi (asl nusxadan 60 foiz kamroq). Bunday natijaga erishish uchun kletchatkaga boy lag‘mon va ko‘p qovurmasdan quritish texnologiyasidan foydalanildi.

1971 yildan 2020 yilgacha butun dunyoda 50 mlrddan ortiq Cup Noodle sotilgan. Nissin kompaniyasining 2020 yil uchun hisobotiga ko‘ra, kompaniyaning daromadi 4,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan 57 foizi Yaponiya, 7,8 foizi Singapur, 14 foizi AQSh, 9,2 foizi Xitoy, 1,6 foizi Osiyoning boshqa mamlakatlari, 1,6 foizi Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika ulushiga to‘g‘ri keladi.

2021 yilda Nissin sovitilgan va muzlatilgan yarimtayyor holdagi lag‘mon, qandolat mahsulotlari va ichimliklar ham ishlab chiqaryapti. Kompaniya turli mamlakatlarda yuzdan ortiq turdagi mahsulotlar bilan savdo qiladi.

Vc.ru saytidan tarjima qilindi

Mavzuga oid
Top