12:07 / 27.10.2021
5446

Yetim bolalarni uy bilan ta'minlash tartibi belgilandi

Foto: Kun.uz

Hukumat qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar viloyat hokimliklari tomonidan ko‘p kvartirali uylardan ajratiladi. Bunda, o‘quv-tarbiya muassasalari va tuman (shahar) hokimliklari bolalarni muassasada bo‘lish muddati tugashidan bir yil avval uy-joyga muhtoj sifatida “onlayn-navbat”ga kiritib boradi.

Bolalarga 18 yoshga to‘lgan yilda: ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali; voyaga yetgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.
 
Uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq 30 yoshga to‘lgungacha uni sotish huquqisiz beriladi. Uy-joylar tuman hokimligi tomonidan ajratilib, yashash uchun barcha zarur sharoitlarga ega holda topshiriladi. Uy joy bilan ta'minlanish holati haqidagi ma'lumotlar har oyda yangilanadi va Xalq ta'limi vazirligi rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi. 

Uy-joy berish to‘g‘risidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi order beradi va ushbu order berilgan uy-joyga ko‘chib kirish uchun asos hisoblanadi. Orderlar “onlayn-navbat” axborot tizimidagi qat'iy ketma-ketlik asosida beriladi. Uy-joy order berilgan kundan 10 kundan kechikmay notarial rasmiylashtiriladi.

2022 yil 1 yanvardan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) olish “Vasiylik va homiylik” elektron platformasi orqali onlayn murojaatga asosan amalga oshiriladi. 

2022/2023 o‘quv yilidan “Ijtimoiy ish” bakalavriat ta'lim yo‘nalishida “Vasiylik” va “Homiylik” sohasi bo‘yicha oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid
Top