17:52 / 28.10.2021
12394

119ta jinoyatni ochgan aqlli ovcharkalar. Andijon IIB kinologiya xizmatidan reportaj

Kun.uz muxbiri Andijon viloyati IIB kinologiya xizmatida bo‘lib, xizmat itlari bilan qanday mashg‘ulotlar olib borilishini tasvirga tushirdi.

Ichki ishlar tizimida kinologiya xizmati faoliyat yuritadi. “Kinologiya” so‘zi qadimgi yunon tilida “Itlar haqidagi fan” degan ma'noni bildiradi. Xizmat itlari ichki ishlar xodimlariga jamoat tartibini saqlash, sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish, ularni issiq izidan fosh etish va yana ko‘plab holatlarda yaqin ko‘makchidir.

Biz Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasining kinologiya xizmatini muvofiqlashtirish bo‘limidamiz.

Bizga aytishlaricha, bo‘limda xizmat qilayotgan xizmat itlari o‘tgan yil davomida 119 ta jinoyatni ochishda yordam bergan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

“Andijon viloyati IIB tasarrufidagi kinologiya xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limimizda 50dan ziyod xizmat itlarimiz bor. Xizmat itlarimizdan jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni izidan fosh etishda, qolaversa avtovokzallar, vokzallar va aeroportlarda huquqbuzarliklarning oldini olishda foydalanib kelinmoqda.

Foto: Kun.uz

Biz bu xizmat itlarimiz bilan iz qidiruv yo‘nalishi, giyohvand vositalari, portlovchi moddalarni qidirib topish, antiterror yo‘nalishlarida muntazam ravishda mashg‘ulotlar o‘tkazib turamiz. Natijada ularda o‘ziga xos ko‘nikma shakllanadi”, – deydi instruktor-kinolog Mash'albek Shahobiddinov.

Bo‘limdagi itlar asosan nemis ovcharkasi zotidan bo‘lib, so‘ngi yillarda katta o‘sishga erishgan belgiya ovcharkasi zotidan ham bor ekan. Har ikki turdagi itlar bilan tizimli ravishda mashg‘ulotlar o‘tkazib boriladi. Mashg‘ulotlar maydonchasida itlar turli to‘siqlardan qanday o‘tishini kuzatdik.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

To‘g‘risi, men xizmat itlarini bu darajada aqlli va qobiliyatli bo‘lishini tasavvur qilmagan edim. Kinologlar xizmat itlari bilan turli mashqlarni bajarib berishdi: bagaj, sumkalarni ichidan portlovchi modda, qurol-yarog‘ topish mashqida itlar yashirilgan qurol-yarog‘ni oz fursatda aniqlab belgi berishdi.

It buyumni aniqlagan taqdirda unga o‘yinqaroqligi bo‘yicha o‘zining o‘yinchog‘i yoki shirinlik berib rag‘batlantiriladi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Gumondor shaxsni aniqlash amaliyoti ham qiziq kechdi. Shu yerda gumondor rolini o‘ynayotgan yigitning kiyimi yechib olinib, xizmat itiga hidlatildi va Shvars laqabli it oz soniyalarda ko‘pgina gumondorlar orasidan aynan shu shaxsni aniqlab berdi.

Foto: Kun.uz

“O‘tgan oyda Yorboshi mahallasiga bir jinoyatni ochish uchun yordamga bordik. Temir seyf ichidan pullar va qimmatbaho narsalar yo‘qolgan edi. Voqea joyida jinoyatchidan ashyoviy dalillar – tibbiyot maskasi va qo‘lqopi qolib ketgan ekan.

Xizmat itimiz odam tanlash yo‘li orqali jinoyatchini topdi. Tergov jarayonida haqiqatdan ham o‘sha odam jinoyatchi bo‘lgani aniqlandi va o‘sha shaxs xonadon egasining jiyani bo‘lib chiqdi”, – deydi kichik instruktor-kinolog Azizbek Qosimov.

Foto: Kun.uz

Marixuana hidi singdirilgan paxtalar yashiringan sumkani topish mashqida ham xizmat iti bir daqiqaga bormay o‘sha giyohvand modda ichida bo‘lgan sumkani topib berdi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

“2016 yildan beri Vika laqabli xizmat itim bilan faoliyat yuritib kelmoqdaman. Juda ko‘plab jinoyatlarni ochilishida o‘z hissamizni qo‘shganmiz. Yaqinda Ulug‘nor tumanida qoramol o‘g‘irlangani jinoyati bo‘yicha tezkor tergov guruhi bilan birgalikda borib voqea joyidan itim iziga qo‘yilgach, chamasi 600 metr iz olib yurdi va katta yo‘lga chiqqach iz olishni to‘xtatdi.

Foto: Kun.uz

Shu yerda qoramol mashinaga yuklangani ma'lum bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘sha yerda to‘xtagan avtomashina topilib jinoyat ochildi”, – deydi kinolog Omanali Jumanaliyev.

Mutaxassislar xizmat itlarining o‘ziga hos ruhiyati borligi haqida to‘xtalishdi. Itlar qo‘pol munosabatni ko‘tarmas ekan. Ruhiyati singan xizmat itining samaradorligi kamayib ketadi. Shuning uchun osoyishtalik posbonlari xizmat itlariga alohida e'tibor bilan yaqin do‘stdek mehr bilan muomala qilishadi.

Foto: Kun.uz

Elmurod Ermatov, Azizbek Ismoilov

Top