12:40 / 28.10.2021
25935

Falkao Kumanni iste'foga jo‘natdi, «Roma» iroda ko‘rsatdi, «Bavariya» yakson etildi. Kuchli beshlikda kun o‘yinlari

Yevropa futbolida chorshanba oqshomida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Ronald Kuman. Foto Twitter

Ispaniya: «Real» — bir kunlik yetakchimi?
«Rayo Valekano» — «Barselona» — 1:0 (Falkao, 30)

Mag‘lubiyatli klasiko va fanatlarning Ronald Kuman avtomobiliga hujumidan keyin ko‘k-anorranglilar safar o‘yiniga jo‘nashdi. Bu shanba kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uy uchrashuvi oldidan muxlislar bilan munosabatlarni yaxshilab olish uchun imkondek ko‘ringandi.

Lekin «Barsa»ning shusiz ham ko‘p muammolarini Frenki de Yongning jarohat olishi yanada chuqurlashtirdi. Kuman muammolarni rotatsiya orqali yechishga urindi va o‘tgan turda «Real»ga gol urgan Aguero ilk marta boshlang‘ich tarkibda maydonga chiqdi. Ammo «Rayo» tarkibida yana bir yulduzli forvard safga qaytgandi va aynan Falkao Busketsning qo‘pol xatosidan keyin hisobni ochdi.

Kolumbiya yo‘lbarsi eski an'anasini davom ettirdi va sakkiz yillik tanaffusdan keyin kataloniyaliklarga qarshi qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda gol urdi. «Barsa», xuddi klasikoda bo‘lgani kabi tanaffusgacha raqib darvozasiga biror marta aniq zarba yo‘llamadi. Ikkinchi bo‘limda zarbalar berilishi boshlandi, ammo bu harakatlar naf keltirmadi. Hatto uch yil ichida ilk bor «nuqta»dan adashgan Depay penaltini aniq ijro etolmaganidan tashqari o‘yin oxirida Aguero va Gavi qulay vaziyatlarni ko‘kka sovurdi. Kataloniyaliklarning dahshatli tushi davom etadi. Bu mavsumda qatorasiga beshinchi uy uchrashuvida g‘alaba qozongan «Rayo» 19 yil ichida ilk bor ko‘k-anorranglilarni mag‘lub etishga erishdi va kutilmaganda chempionatda 19 ochko bilan beshinchi o‘ringa joylashdi.

O‘yindan keyin Kuman mag‘lubiyatni adolatsiz hisob deb atadi, yana bir bor tarkibning muhim futbolchilari safda yo‘qligini ro‘kach qildi va uni o‘yin sifati emas, faqat hujumlardagi samaradorlik darajasi tashvishga solayotganini aytdi.

Ammo endi bu haqda Ronald emas, yangi bosh murabbiy bosh qotirishi kerak bo‘ladi — «Barsa» o‘yindan keyin ko‘p o‘tmay niderlandiyalik mutaxassisni iste'foga chiqardi. Bunday qadam tashlanishini anchadan buyon kutishayotgandi, ammo klubda bunga pul yo‘q edi. Aftidan, topishdi.

«Real» — «Osasuna» — 0:0.
«Malorka» — «Sevilya» — 1:1 (A.Sanches, 22 — Lamela, 73)

Safar o‘yinida mag‘lubiyatdan qutulib qolgan «Sevilya» bir muddatga birinchi o‘ringa chiqdi. Ammo «Kamp Nou»da ko‘p kuch yo‘qotgan «Real» o‘z maydonida «Osasuna»ga gol urolmadi. Shu bilan birga, pamplonaliklar yaxshi holatda ekanini e'tirof etish kerak, jamoa «Santyago Bernabeu»ga safar o‘yinlaridagi to‘rt g‘alabadan iborat seriya bilan tashrif buyurgandi. Ikkinchi bo‘limda «Osasuna» hisobni ochishga ham yaqin kelgandi, ammo bir necha metrdan berilgan zarba darvoza ustuniga tegdi. Shuningdek, darvoza ustuni uchrashuv avvalida la liganing sentyabrdagi eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlangan Benzema gol urishiga ham xalal berdi. Endilikda kuchli to‘rtlikdagi jamoalarda bir xilda ochko yuzaga keldi, Karlo Anchelotti shogirdlari qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga birinchi bo‘lib oldi, ammo payshanba kuni «Real Sosedad» Vigoda «Selta»ga yutqazmasa, basklar yakkapeshqadamga aylanishadi.

Italiya: Allegrining barbod bo‘lgan yubileyi
«Yuventus» — «Sassuolo» — 1:2 (Makkeni, 76 — Frattezi, 44. Lopes, 90+5)

Muvaffaqiyatsiz startdan keyin o‘ziga kelib, yana turnir jadvalining yuqori qismiga qayta boshlagan turinliklar Massimiliano Allegri boshqaruvida A Seriyadagi 200-o‘yinda muammolar bilan to‘qnashdi. O‘tgan turda Bernardeski safdan chiqqandi, endi esa De Shilo maydonni erta tark etishiga to‘g‘ri keldi. Ammo bular «Keksa sinora»ning o‘yinidagi murakkabliklar bilan solishtirganda arzimas narsalar. Maydon egalari bosim qildi va vaziyatlar yaratdi, Dibalaning zarbasi darvoza ustunidan qaytdi, birinchi bo‘limda kamdan kam hujum uyushtirgan mehmonlar bo‘lim oxirida gol urib ketishdi.

Ikkinchi bo‘lim davomida turinliklar «Sassuolo» darvozasini qamal qilishdi. Raqib esa shu qadar zich himoyalandiki, to‘p o‘tkazishga joy yo‘qdek edi, ammo u qadar qulay bo‘lmagan vaziyatda, jarima nuqtasidan uzatilgan to‘pni Makkeni darvozaga joyladi. Ammo goldan keyin «Yuve» g‘alaba uchun borini tashladi deyish qiyin, o‘yin so‘ngida esa himoyadagi muammolar pand berdi. O‘yinga qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada raqibning tayanch yarimhimoyasidagi havbek Lopes Berardining zargarona pasidan keyin birga bir vaziyatga chiqib ketdi va to‘pni Perinning ustidan oshirib tashlab, turinliklarning to‘qqiz o‘yin davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi. Bu goldan keyin Allegri jamoasi joriy mavsumda o‘tkazgan gollar soni 13taga yetdi, «Yuve» 1992/93 yilgi mavsumdan buyon to‘qqiz turda bu qadar ko‘p gol o‘tkazmagandi.

«Sampdoriya» — «Atalanta» — 1:3 (Kaputo, 10 — Askildsen, 17, avtogol. Sapata, 21. Ilichich, 90+5).
«Latsio» — «Fiorentina» — 1:0 (Pedro, 52)

Ikki frontda harakat qilayotgan «Atalanta»ni bu turda qiyin safar o‘yini kutayotgandi va jamoa o‘yin boshidayoq gol o‘tkazib yubordi. Lekin birinchi bo‘lim davomida tarkibdagi futbolchilar mahorati evaziga ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirdi - Sapata va Dzappakosta juftligi barchasini hal qildi. Bu o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazish imkoniga ega bo‘lmagan Jan Pero Gasperini yordamchilariga tribunadan turib ko‘rsatma berib turdi.

Bergamoliklar birinchi bo‘limdagi hisobdan kelib chiqqan holda o‘yinni davom ettirishdi, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Ilichich haqiqiy shedevr ijro etdi. Sloveniyalik hujumchi qanotda himoyachini aldab o‘tib, raqib darvozasiga yaqinlashib keldi va to‘pni kuch bilan tepib darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga oldi. Unga so‘nggi pasni o‘yin oxirida zaxiradan maydonga tushgan rossiyalik yarimhimoyachi Miranchuk bergandi, u to‘p uchun bir necha raqiblar orasidagi kurashda ustun kelib, Ilichichga bosh bilan muvaffaqiyatli pas bergandi.

«Empoli» — «Inter» — 0:2 (D'Ambrozio, 34. Dimarko, 66).
«Kalyari» — «Roma» — 1:2 (Pavoletti, 52 — Ibanes, 71. Pellegrini, 78)

Amaldagi chempion safardagi nisbatan oson raqibga qarshi o‘yinda o‘ziga muammolar yaratmadi. D'Ambrozio milanliklarning birinchi bo‘limdagi ustunligini ta'minladi — ushbu himoyachi qatorasiga yetti mavsum davomida gol urib kelmoqda va bu borada (to‘purar himoyachilar) Bonuchchi bilan tenglashib oldi. Himoyaning yana bir vakili Dimarko ikkinchi bo‘limdagi ustunlikni ta'minladi. Qolaversa, hisob 0:1 ekanida «Empoli» bir kishi kamchilik bo‘lib qolgan va o‘yinda deyarli intriga qolmagandi.

Intriga «Kalyari» va «Roma» o‘rtasidagi o‘yinda bo‘ldi. O‘tgan turda «Napoli»ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan Joze Mourino ham diskvalifikatsiya tufayli rimliklarning o‘yinini boshqara olmasdi, ammo jamoa mavsumning eng yorqin o‘yinchisi bo‘lib turgan Pellegrini tufayli irodali g‘alabaga erishdi. Sardorning golli pasi evaziga Ibanes hisobni tenglashtirdi, ko‘p o‘tmay uning o‘zi g‘alaba golini urdi. Pellegrini A Seriyada ilk bor jarima zarbasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berib gol urdi. Shomurodov bu o‘yinda zaxirada qoldirildi.

Germaniya: Menxengladbahdagi mo‘jiza
«Borussiya» M — «Bavariya»5:0 (Kone, 2. Bensebaini, 15, 21, penalti. Embolo, 51, 57)

Foto: LARS BARON/GETTY IMAGES

Yulian Nagelsmanning myunxenliklar klubi boshqaruvidagi ilk uchrashuvida Menxengladbaxda durang qayd etilgandi (1:1), bir yarim oy o‘tib «Bavariya» yana shu shaharga qaytdi, ammo koronavirusdan hali sog‘aymagan bosh murabbiy Germaniya Kubogi 1/16 finali doirasidagi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Chempionlar hozirda fenomenal o‘yin ko‘rsatishmoqda va so‘nggi uch uchrashuvining barchasida kamida to‘rtta gol farqi bilan g‘olib bo‘lgan, bunday yirik hisob chorshanba oqshomida ham qayd etildi.

Aftidan, jamoalar formalarini almashtirib olishgandek edi, chunki «Bavariya» emas, «Borussiya» gol mashinasiga aylandi va 21-daqiqaga kelib mehmonlar darvozasi uch bor ishg‘ol etildi. «Bavariya» kubok turnirlarida hali hech qachon bunday holatga tushmagandi. Ayrimlar myunxenliklar ikkinchi bo‘limga butunlay boshqa kayfiyatda tushishini kutgandir, ammo ularning kamsitilishi davom etdi. Embolo olti daqiqa ichida ikki gol urdi va het-trik rasmiylashtirishga ham yaqin keldi, ammo yakkama-yakka vaziyatda uni Noyyer to‘xtatib qoldi.

Hozirda qaysi biri yomonroq, aytish qiyin — Gladbahda shunday mag‘lub bo‘lishmi yoki bir yil oldin bo‘lganidek, ikkinchi divizion vakiliga penaltilar seriyasida yutqazib turnirni tark etishmi? Nima bo‘lmasin, «Bavariya» qatorasiga ikkinchi mavsum turnirdan ikkinchi raunddayoq chiqib ketmoqda. Nemislarning gegemoni bilan bunday holat oxirgi bor 90-yillar o‘rtalarida qayd etilgan, jamoa ichki turnirlarda 1978 yildan buyon bunday yirik hisobda mag‘lub bo‘lmagandi. O‘shanda myunxenliklar Dyusseldorfning «Fortuna» jamoasi tomonidan yakson etilgandi (1:7).

Angliya: Gvardiola gegemoniyasining yakuni
«Vest Hem» — «Manchester Siti» — 0:0, penaltilar seriyasi — 5:3.
«Lester» — «Brayton» — 2:2, penalti — 4:2 (Barns, 6. Lukman, 45+5 — Uebster, 45+3. Mvepu, 71).
«Preston» — «Liverpul» — 0:2 (Minamino, 62. Origi, 84)

Angliya ligasi kubogi ham syurprizlarsiz kechmadi, sovrinning amaldagi sohibi chorakfinalga o‘ta olmadi. Xosep Gvardiola bu turnirni xususiylashtirib olgandek tuyulardi, so‘nggi to‘rt mavsumda bu turnirda faqat «Man Siti» g‘olib bo‘lgan va darajasi bo‘yicha uchinchi turnirda kataloniyalik mutaxassis rekordchiga aylangandi. Ammo penaltilar seriyasida «Vest Hem» futbolchilarining asablari mustahkamroq bo‘lib chiqdi, «shaharliklar» safida Foden hal qiluvchi xatoga yo‘l qo‘ydi.

«Brayton»ga qarshi o‘yin asosiy vaqtdayoq hal bo‘ladigandek ko‘ringan bo‘lsa-da, «Lester» ham 11-metrdan zarbalar seriyasida qatnashishiga to‘g‘ri keldi, lekin yakunda baribir keyingi bosqichga o‘tadigan bo‘ldi.  «Liverpul» ikkinchi tarkibi bilan chempionship autsayderlaridan birini oson mag‘lub etdi. Qizillar safida Minamino turnirda qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urdi, kechani — Origining qoyilmaqom goli bezab berdi, u havodagi to‘pni tovoni bilan darvoza to‘riga kiritib yubordi.

Fransiya: qayta o‘yindagi durang
«Nitssa» — «Marsel» — 1:1 (Guiri, 6 — Payyet, 42)

Fransiya chempionatida fanatlar bilan bog‘liq mojarolar me'yoridan oshib ketdi. O‘tgan hafta oxiridagi tur o‘yinlarida «Marsel» muxlislari Neymar burchak to‘pini ijro etayotganida turli predmetlar irg‘itishgandi, ashaddiy muxlislardan biri maydonga chiqib ketib, Messining hujumini to‘xtatib qo‘ygandi. Ammo Sent-Etendagi o‘yin qizg‘in voqealarga yanada boy bo‘ldi, bu yerda rahbariyat va bosh murabbiy Klod Pyuelga norozilik avj olgan, klubning past natijalaridan bezor bo‘lgan muxlislar maydonga yonuvchi buyumlar uloqtirishdi.

Ish o‘yin bekor qilinishigacha borib yetgandi, yakunda o‘yin bir soat kechikib boshlandi. Avgust oyida esa «Nitssa» — «Marsel» uchrashuvi muxlislarning Payyetga buyum uloqtirishidan keyin boshlangan tartibsizliklar tufayli oxiriga yetkazilmagan va keyin o‘yin natijasi bekor qilinib, qayta o‘yin o‘tkazish bo‘yicha qaror qilingandi. Bu oqshomda bu jamoalar Truadagi betaraf maydonda, bo‘sh tribunalar qarshisida o‘ynashdi. Avgustdagi o‘yin 75-daqiqada «Nitssa» foydasiga 1:0 bo‘lib turganida to‘xtatilgandi.

«Nitssa» bu o‘yinda ham Guirining tezkor goli bilan hisobni ochdi. Ammo o‘tgan safargi o‘yinda raqib fanatlari bilan mushtlashib ketgudek bo‘lgan Payyet bu safar muvozanatni tiklovchi golni urdi.

Kun statistikasi

  • Belarusda qatorasiga 2-yil Soligorskning «Shaxtyor» klubi chempion bo‘ldi.
  • «Barselona» Ispaniya chempionatida qatorasiga to‘rtinchi o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazdi (=2-2), bunaqasi 2003 yildan buyon ro‘y bermagandi.
  • «Betis» bosh murabbiyi Manuel Pellegrini La Ligada 381-o‘yinini o‘tkazdi, u bu ko‘rsatkich bo‘yicha xorijiy mutaxassislar orasida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
  • A Seriyada «Yuventus» himoyachisi Bonuchchi 400-o‘yinini o‘tkazdi.
Mavzuga oid
Top