16:25 / 28.10.2021
6163

Yil boshidan buyon necha kishi is gazidan zaharlanib vafot etgani ma'lum qilindi

Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, yil boshidan buyon O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 46 ta noxush holatlar sodir bo‘lgan. Biroq qurbonlar soni holatlar statistikasidan ikki barobar ko‘proq.

Foto: Getty Images

“2021 yilning 28 oktabr kuniga qadar respublikada aholi orasida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 46 ta noxush holatlar sodir bo‘lib, ularda 96 kishi vafot etgan va 35 kishi jabrlangan”, deydi FVV axborot xizmati rahbari Murod Sodiqov.

Vazirlik mulozimi hududlarda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tomonidan is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar muhokama etilib, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillar mas'ul idoralar hamda jamoatchilik vakillari bilan birga muhokama qilinayotgani, is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar berilayotganini ta'kidladi.

Avvalroq Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov is gazidan zaharlanishdan 2-3 hafta o‘tib ham vafot etish holatlari qayd etilganini ta'kidlagandi.

Har yili kuz-qish mavsumida O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish mavzusi kun tartibiga chiqadi. Is gazi asosan tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘larining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. Hech qanday hid va rangga ega bo‘lgan ushbu gaz «sezdirmasdan o‘ldiruvchi» deya ta'riflanadi.

Ushbu gaz organizmga nafas a'zolari orqali ta'sir etib, gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Buning oqibatida gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiya, og‘ir holatlarda esa anoksiyaga olib keladi. Zaharlanish oqibatida o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.

So‘nggi o‘n kunda Samarqand viloyatida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 4 ta holat qayd etilib, 8 kishi vafot etgan. Qurbonlarning besh nafari voyaga yetmagan bolalardir.

2020 yilning 27 fevral kuni Toshkentning Yunusobod tumani Firdavsiy mahallasi Injobod ko‘chasidagi xonadonda ijara asosida yashagan besh talabaning murdasi topilgan, sud tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ijarachilarning o‘limiga is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasida o‘tkir nafas va yurak, qon-tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aniqlangan.

Bundan tashqari, ekspertiza davomida talabalar ijarada yashagan uyning xonalarida o‘rnatilgan gaz uskunasi va jihozlari texnik va me'yoriy qoida talablariga asosan o‘rnatilmagani, amaldagi talablarga javob bermasligi aniqlanib, sud hukmiga ko‘ra uy egasi besh nafar talabaning o‘limida aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

FVV axborot xizmati kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida mas'ul idoralar bilan hamkorlikda 529 ta ishchi guruh, 204 ta ta'mirlash-tiklash otryadlari tashkil etilganini ma'lum qilmoqda.

Vazirlik aholini nosoz elektr isitish moslamalaridan foydalanmaslikka, turli noxush vaziyatlarda darhol 104 raqami orqali xabar berishga chaqirgan.

Mavzuga oid
Top