Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudida portlovchi moddalarga qonunga xilof ravishda egalik qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Janubiy kon boshqarmasiga qarashli Zarmitan konida lahmlarni portlatish vazifasida ishlagan 2 nafar shaxs portlatuvchi moddalarni konda ishlatmasdan, yashirib kelishgan. Ular Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi MChJga tegishli oshxonada faoliyat yurituvchi 2 nafar fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, portlatuvchi moddalar savdosi bilan shug‘ullangan. Ushbu 4 nafar fuqaro Navoiy viloyati DXX tezkor guruhi tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sudlanuvchilarning 1 nafariga 11 yil, qolgan sheriklariga esa 10 yil hamda 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Oldinroq Navoiyda o‘zaro janjallashgan ikki qishloq «tillachilari» profilaktika inspektorining mashinasini yaroqsiz holga keltirishgandi.