11:05 / 01.11.2021
4125

O‘zbekiston ayollarning shaxsiy xavfsizligi bo‘yicha reytingda kuchli o‘ntalikka kiritildi

Foto: Jamshid Norqobilov/ O‘zA

O‘zbekiston ayollarning shaxsiy xavfsizligi bo‘yicha reytingda kuchli o‘ntalikka kiritildi. Bu haqda Jorjtaun universiteti tadqiqoti natijalarida ma'lum qilingan.

Birlashgan Arab Amirliklari esa ayollarning shaxsiy xavfsizligi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatga aylandi. Jorjtaun universiteti tadqiqotiga ko‘ra, BAAdagi ayollar dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ushbu mamlakatda o‘zlarini xavfsizroq his qiladi.

Kuchli o‘ntalikka Armaniston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ham kirdi. «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» reytingi uch yil davomida tuziladi. Bu yil BAAda yashovchi ayollarning 98,5 foizi o‘z yashash joyida tungi vaqtda yolg‘iz yurganda o‘zini xavfsiz his qilishini aytgan.

So‘rov 15 yoshdan oshgan qizlar va ayollar o‘rtasida o‘tkazildi. Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, xavfsizlik hissi ayolning harakatchanligida hal qiluvchi rol o‘ynaydi va o‘z uyining ostonasidan tashqarida imkoniyatlar izlash qobiliyatiga ta'sir qiladi.

Tadqiqotning maqsadi ayollar ish joylaridan teng foydalanish huquqiga ega bo‘lgan, qarorlar qabul qilishda ishtirok etganda va nizolarni hal qilishda qatnashganda, dunyo qanday o‘zgarib borishini ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.

2021 yil iyul oyida Global Finance jurnali tomonidan tuzilgan, dunyodagi eng xavfsiz davlatlar reytingida Birlashgan Arab Amirliklari ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Reytingda uchta asosiy omil hisobga olingan: harbiy mojarolar mavjudligi, shaxsiy xavfsizlik, tabiiy ofatlar xavfi va COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq jihatlar. BAA faol emlash kampaniyasi tufayli reytingda yetakchilardan biriga aylangan. 

Avvalroq, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar uchun ishonch telefoni va botni ishga tushirgandi.

Bundan oldinroq Nemolchi.uz loyihasi talaba Mushtariybonu Kamilovaning murojaatini e'lon qilgandi. Unga ko‘ra, 18 oktabr kuni ushbu talaba Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevning xonasiga kirgan va u shu yerda hujumga uchragan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasini zo‘rlashga qaratilgan xatti-harakatlar amalga oshirilgani haqidagi xabar Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda va natijalari ma'lum qilinadi.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan 19 oktabr kuni JKning 118- (nomusga tegish) va 105- (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u 23 oktabr kuni qo‘lga olingani haqida ma'lum qildi.

Top