23:08 / 03.11.2021
104920

Telegram’ni cheklash haqidagi qaror Vazirlar Mahkamasidan kelgan. Kun mavzusi tafsilotlari

O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov topshirig‘i bilan Telegram faoliyatini cheklash to‘g‘risida qilingan qaror xato deb topildi, prezident bu masaladan xabardor etilgach, holat yuzasidan tezkor choralar ko‘rilib, «O‘zkomnazorat» boshlig‘i ishdan olindi va tergov harakatlari boshlandi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda Telegram va 3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga qo‘shilgan boshqa ijtimoiy tarmoqlar (YouTube, Instagram, Facebook va «Odnoklassniki») faoliyati tiklandi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma'lum qilishicha, Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarni cheklash to‘g‘risida O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rsatma berilgan.

«Hukumat ko‘rsatmasiga asosan «O‘zkomnazorat» tomonidan bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilingan harakat haqida Prezident xabar topdilar. O‘ylaymanki, tez orada barcha tarmoqlarga ulanish tiklanadi», deya xabar qoldirdi Asadov birinchi postida.

Kun.uz manbasi aniqlik kiritishicha, ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklash bo‘yicha topshiriq hukumatdan «O‘zkomnazorat»ga bir kun oldin kelgan. Odatda bunday darajadagi jiddiy topshiriq to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumat rahbari Abdulla Aripov tomonidan beriladi.

  • Ma'lumot uchun, bosh vazir Abdulla Aripov mutaxassisligiga ko‘ra elektroaloqa bo‘yicha muhandis hisoblanadi. U 2002-2005 va 2005-2009 yillarda O‘zbekiston hukumatida bosh vazir o‘rinbosari sifatida aloqa va telekommunikatsiya masalalariga mas'ul bo‘lgan.

Prezident Administratsiyasiga aloqador hisoblangan «Nigoh» kanali esa hukumatning ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklash to‘g‘risidagi qarori barcha huquqiy va texnik me'yorlarga rioya qilgan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagani, bu haqda Prezident Administratsiyasiga xabar berilmagani haqida xabar qoldirdi.

Ko‘p o‘tmay «O‘zkomnazorat» rahbari yuzaga kelgan holat uchun ishdan olinib, uning harakatlari yuzasidan tekshiruv boshlangani ma'lum qilindi.

«Prezident topshirig‘iga asosan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev noto‘g‘ri va kelishilmagan xatti-harakatlari uchun egallab turgan vazifasidan chetlatildi, ro‘y bergan holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib boriladi», deyiladi Asadovning ikkinchi postida.

G‘olibsher Ziyayev / Kun.uz

Surishtiruv yakunlari bo‘yicha ro‘y bergan holatda aybdor bo‘lgan barcha mutasaddi rahbarlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko‘rilishi ta'kidlandi.

  • G‘olibsher Ziyayev 2020 yilning sentabr oyida «O‘zkomnazorat» rahbari lavozimiga tayinlangandi. U 2019-2020 yillarda bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyatining mudiri lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunining 27-1-moddasi (O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari) qonunga 2021 yil 14 yanvardagi qonun bilan kiritilgan bo‘lib, uning amal qilishi 2021 yil 15 apreldan boshlangan edi.

2021 yil may oyida «O‘zkomnazorat» Mail.ru Group (VKontakte), Twitter va Tencent (WeChat) ijtimoiy tarmoqlari egalariga «Shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27−1 moddasiga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Ya'ni O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari qayta ishlanadigan serverlarni mamlakat ichida joylashtirish talab etilardi. Iyul oyida shu masala tufayli TikTok, Twitter, Skype, «VKontakte»ning O‘zbekistondagi faoliyati cheklandi.

2021 yil 3 noyabr kuni soat 19:30lardan keyin O‘zbekistonda Telegram, YouTube, Instagram, Facebook, «Odnoklassniki» faoliyatida uzilishlar yuzaga keldi va ko‘p o‘tmay «O‘zkomnazorat» ushbu tarmoqlarni Shaxsga doir ma'lumotlarni buzuvchilar reyestriga kiritib, ularning O‘zbekistondagi faoliyatini rasman cheklagani ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston mediaolami vakillari bu qarordan keskin norozilik bildira boshlashgan, ko‘pchilik buni prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik siyosatiga qarshi harakat deb baholadi.

Yuzaga kelgan vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, personallashtirish to‘g‘risidagi qonun qayta ko‘rib chiqilishga muhtoj. Bu qonun qayta ko‘rib chiqilib, o‘zgartirilmas ekan, bugun bo‘lgani kabi muammolar takrorlanaveradi.

Top