23:54 / 04.11.2021
16460

Putin Rossiyani NATOga qabul qilishni so‘ragan – Alyansning sobiq bosh kotibi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya NATO a'zosiga aylanishini xohlagan. Biroq u bunga a'zolikka ariza topshirish jarayonidan o‘tmasdan va navbat kutmasdan erishmoqchi bo‘lgan. Bu haqda NATOning sobiq bosh kotibi Jorj Roberson One Decision podkasti uchun izohlarda aytib o‘tdi.

Vladimir Putin / Foto: Evgeniy Paulin/Sputnik/EPA

Alyansga 1999 yildan 2004 yilgacha rahbarlik qilgan Roberson Putin bilan ilk uchrashuvi tafsilotlari haqida so‘zlab bergan. Uning ta'kidlashicha, o‘shanda Rossiya G‘arbiy Yevropaning bir qismi bo‘lish istagini bildirgan.

“Ular xavfsiz, barqaror rivojlanayotgan G‘arbning bir qismi bo‘lishni istashgan. O‘shanda bularning bari Rossiyada yo‘q edi”, deb so‘zlab bergan Roberson.

Sobiq bosh kotibning aytishicha, Putin undan “Bizni NATOga qachon taklif qilmoqchisiz?”, deb so‘ragan. Roberson bunga javoban “NATOga hech kim taklif qilinmasligi, unga kirish kerakligini, buning uchun ariza berilishi lozimligini” aytgan. Putin bunga “Rossiya ahamiyatga ega bo‘lmagan davlatlar bilan bir navbatda turmaydi”, deb javob qilgan.

Robersonning ta'kidlashicha, Putinning NATOga kirish borasidagi fikri Ukrainadagi 2004 yilgi inqilobdan keyin o‘zgargan. O‘sha voqealardan keyin Rossiya prezidenti G‘arbga shubha bilan qaray boshlagan va uni “Ukrainaning ishlariga aralashuvda” ayblagan. Shuningdek, Robersonning ta'kidlashicha, Rossiya alyansga Markaziy va Sharqiy Yevropaning bir qator davlatlari qo‘shilganidan “achchiq bildirgan”.

Sobiq bosh kotibning bu so‘zlari Putinning 21 yil avval Rossiya prezidenti lavozimiga kirishishidan oldin “BBC” telekanaliga bergan intervyusi bilan mos keladi. O‘shanda Putin “Rossiyaning nuqtayi nazarlari teng huquqli hamkor fikrlari kabi qabul qilinsa”, Rossiya NATOga kirishi mumkinligini aytgan.

Putin o‘shanda NATOni dushman sifatida tasavvur qila olmasligini aytgan. “Rossiya Yevropa madaniyatining bir qismi. Men o‘z davlatimni Yevropadan va biz madaniyatli dunyo deb ataydigan dunyodan yakkalangan holda tasavvur qila olmayman”, deb ta'kidlab o‘tgan Putin.

Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Fransiya OAVga bergan intervyusida Ukrainaning NATOga kirishi Rossiyaning milliy manfaatlari uchun eng yomon ssenariy bo‘lishini, bu Moskvani o‘z xavfsizligini himoyalash uchun faol harakatlarga undashi mumkinligini aytgan.

O‘z navbatida, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Peskovning bu so‘zlariga keskin javob berib, eng yomon ssenariy yuz berib bo‘lganini aytgan.

Mavzuga oid
Top