13:39 / 04.11.2021
66780

Toshkentdagi yana bitta ko‘l quritildi. Bunisi qayta tiklanmaydigan qilib

Oliy Majlis binosining ort tarafida joylashgan, o‘ziga xos o‘tmishga ega ko‘l bugun batamom quritib tashlangan. Uning o‘rniga nima qurilishi hali noma'lum, lekin qurilishni qaysi kompaniya bajarishi ma'lum.

Arxiv foto: Livejournal / Orxideya

Toshkentning qoq markazi – ayni paytda Milliy bog‘ deb nomlanuvchi hudud azaldan poytaxt aholisi va mehmonlarining sevimli joyi bo‘lgan. Talabalar, maktab o‘quvchilari va umuman hordiq chiqaruvchilar bilan hamisha gavjum bo‘lgan bu hudud bir tarafdan qadimiy Beshyog‘och maydoni, ikkinchi tarafdan “Xalqlar do‘stligi” saroyi bilan tutashgan.

Ittifoq davrida Komsomol ko‘li deb nomlangan, xalqimizning qo‘l mehnati evaziga barpo qilingan ko‘lda bir necha avlod cho‘milib ulg‘aygan. Bu joyda mashhur filmlar ishlangan, necha yillarki kelin-kuyovlar eng esda qolarli onlarini shu yerda tarixga muhrlaganlar.

O‘zbekistonliklar bu ko‘lni 1932 yilda hashar yo‘li bilan qurishgan edi.
Ixtiyoriy hasharga ayollar ham kelib, ko‘l qurilishiga hissa qo‘shishgan.

Suvli va yashil bu hudud maydoni yillardirki qisqarib bormoqda. Mustaqillikning dastlabki yillarida uning katta hududi o‘rab olinib, Oliy Majlisga ajratib berildi.

Keyinchalik Yozuvchilar uyushmasi ko‘chirib kelinib, alohida binolar qurildi, Adiblar xiyoboni tashkil etildi. Atoqli yozuvchilarning haykallaridan iborat alleya paydo bo‘ldi. Yaqinda esa bog‘ va ko‘lning katta qismi o‘rnida chet eldagi qasrlardan andoza olingan “Magic City” majmuasi qad rostladi.

Videodan kadr: Afisha.uz

Bu yangi g‘oyalar faqat yashil hudud va ko‘ldan kapsan olish hisobiga amalga oshirilgani taajjubli. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bu ko‘l batamom quritilarkan.

Sun'iy yo‘ldosh tasvirlari / Foto: Google Earth Pro

Daryo'ning aniqlashicha, quritilayotgan ko‘l o‘rniga yo drama teatri, yo opera teatri qurilishi mo‘ljallangan. Ammo hali tugal fikr yo‘q. Qizig‘i, nima qurilishi noma'lum bo‘lsa-da, quruvchi kompaniya aniq: Enter Engineering.

O‘zbekistondagi ko‘plab katta-katta qurilishlarni amalga oshirayotgan bu kompaniyaning 51 foiz ulushiga egalik qiluchi Klintworth Investmens ofshor zona hisoblanmish Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan. 19 foiz ulushi esa Rossiyaning Gazprombankiga tegishli.

Xullas, shu tariqa Toshkent o‘zining ekologik muvozanatini saqlashga ko‘mak beruvchi yana bir havzadan ayrilmoqda.

Foto: Daryo / Madina Nurman
Foto: Daryo / Madina Nurman

Bu birinchisi emas

Poytaxtdagi “G‘afur G‘ulom” nomli bog‘ ham ikki yildirki dam oluvchilar uchun yopiq. Xorijiy “investor” deyilayotgan, ammo asl egasi o‘zbekistonlik bo‘lgan xorij (Singapur) kompaniyasiga yarim asrga ijaraga berilgan bu bog‘da dastlab shiddat bilan boshlangan qurilish hozir ancha susayib qolgan. Eng achinarlisi – bog‘dagi na qurilishga, na obodonlashtirishga xalal beradigan ko‘l quritib tashlangan.

Yaxshi xabar o‘laroq o‘qiganimiz shu bog‘ hududida joylashgan ikkita ko‘l tiklanishi mumkin. Ularning biri qayiq va katamaranlarda suzish uchun va ikkinchisi o‘rdaklar uchun ajratiladi, deyilmoqda. Ammo tez orada bo‘lishi aytilgan bu rejalarning aniq muddati haqida ma'lumot yo‘q.

Foto: Google Earth Pro

Afsuski, bu ham oxirgi misol emas. Poytaxtdan vodiyga qarab chiqaverishda, Golf klubi yonida joylashgan Baxt ko‘li ham dastlab qarovsiz qoldirildi, asta-sekin suvi bo‘g‘ildi va nihoyat butkul quritildi. Qachondir minglab odamlar cho‘milib salqinlagan hudud bugun kimsasiz maskanga aylantirildi. Bozor iqtisodiyotining shafqatsiz qonunlari amalda – buncha joy bo‘sh turishi mumkin emas. Va shunday ham bo‘ldi. Hozirda mazkur hududda “ulkan bunyodkorlik ishlari” boshlab yuborilgan.

Baxt ko‘li. 2010 yil iyun (chapda) va 2021 yil iyul oyida (o‘ngda) sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar / Foto: Google Earth Pro

“Abdulla Qodiriy” nomli bog‘dan ham lavhalar qilgan, u yerdagi yashil hududlar ham tobora qisqarib borayotgani haqida xabar bergandik. Shunday tasavvur uyg‘onyaptiki, shahar uchun o‘pka vazifasini bajarib beruvchi bog‘lar, yashil hududlar va suv havzalarini nafsiga xo‘jayin bo‘la olmaganlar yo‘q qilib tashlayotgandek.

Bir tarafdan shahardagi namlikni saqlash uchun muhim ko‘llar quritilyapti, daraxtlar yakson qilinyapti, boshqa tarafdan esa qurilishlar shaharni butkul changga botirmoqda.

Mas'ullar esa shahar obodligi haqida chiroyli gaplar gapirishdan to‘xtamayapti.

“Milliy bog‘”dagi holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligidan izoh so‘radik va javobni kutmoqdamiz. Lekin bilishimizcha, Oliy Majlisga tutash hudud, quritilgan ko‘l o‘rni ham xuddi Mustaqillik maydoni kabi hokimlik emas, hukumat ixtiyorida.

Shunisi aniqki, qanday yangi loyihalar bo‘lmasin, global isish sharoitida namlikka muhtoj Toshkentning millionlab aholisiga ko‘llarchalik ko‘proq foyda bera olmaydi.

Abror Zohidov

Top