10:37 / 05.11.2021
5668

DXX 35 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘ydi

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi.

Foto: DXX

Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istonning Turkiston viloyati, Maxtaaral tumanida istiqomat qiluvchi, 1976 yilda tug‘ilgan, qo‘shni davlat fuqarosi va Zomin tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro 3 kg 880 gr. “opiy” moddasini 32 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 1984 yil Qirg‘izistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi hamda 1963 yil va 1968 yilda tug‘ilgan ikki nafar Qirg‘iziston fuqarosi 9 kg 612 gr. “gashish” moddasi bilan, shuningdek, 1983 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi 1 kg 784 gr. “opiy” va 3 kg 765 gr. “gashish” moddalari bilan ushlandi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1984 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro 10 kg 300 gr. “opiy” moddasi bilan qo‘lga olindi.

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining “Neksiya-3” rusumli avtomashinasida Qo‘qon shahriga ketayotgan vaqtida Ohangaron tumanidagi “Chinor” yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi. 

U YPX xodimlari talablariga bo‘ysunmasdan qochishga uringanida sun'iy to‘siq yaratilib, qonunbuzar ushlangan. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg 902 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlangan “Cobalt” rusumli avtomashina yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda, Bo‘ston tumanidagi yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Foto: DXX

Tekshiruv davomida mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yonida 961 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Dastlabki surishtiruvda u mazkur narkotikni Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1974 yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosidan olganligi ma'lum bo‘lib, ushbu shaxs ham qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash manzilida 240 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Foto: DXX

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida musodara qilingan jami 17 kg 165 gr. “opiy” va 18 kg 279 gr. “gashish” giyohvand moddalari Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Top