21:55 / 05.11.2021
3210

Surxondaryoda Hyundai yuk mashinasi maktab oldidagi piyodalar yo‘lakchasida o‘quvchini urib yubordi. Jabrlanuvchi vafot etdi

Foto: IIB YHXB

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida Hyundai kichik yuk mashinasi qoidalarni qo‘pol tarzda buzib harakatlangan holda maktab oldidagi piyodalar yo‘lakchasida odam urib yuborgan. Oqibatda maktab o‘quvchisi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 4 noyabr kuni M41 Bishkek-Dushanba-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Qumqo‘rg‘on tumani Hurriyat mahallasi hududidan o‘tgan 1534-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

2001 yilda tug‘ilgan haydovchi o‘z boshqaruvida bo‘lgan Hyundai kichik yuk mashinasi bilan maktab oldida joylashgan piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 2004 yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisini urib yuborgan. Oqibatda 17 yoshli maktab o‘quvchisi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha Hyundai mashinasidan biroz oldinda harakatlanib ketayotgan Cobalt haydovchisi maktab oldidagi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan o‘quvchini ko‘rib ogohlantirish chiroqlarini yoqib to‘xtagan. Shu payt orqadan kelayotgan Hyundai haydovchisi Cobalt’ni aylanib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangan va o‘quvchini urib yuborgan.

Qayd etilishicha holat yuzasidan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Top