10:47 / 05.11.2021
26539

Toshkentda 678 kishi nafas qisishi tufayli «Tez yordam»ga murojaat qildi. SSV bunday sharoitda qanday yo‘l tutish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga changli havoda niqob taqish, allergik va astma kasalligi bor bemorlarga tashqariga chiqmaslikni tavsiya qildi.

Foto: Kun.uz

4 noyabr kuni O‘zbekistonda kuchli shamollar tufayli mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisalari kuzatildi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me'yordan 5 barobar oshdi. Shuningdek, respublikaning ba'zi hududlarida havodagi chang-g‘ubor oqibatida ko‘rinuvchanlik 500-1000 metrgacha pasaygan.

Gidrometeorologiya xizmati markazi prognoziga ko‘ra, 5 noyabr kuni ham Toshkent shahrida shamol tezligi 5-10m/s, respublikaning boshqa joylarida esa 7-12m/s darajasiga yetishi qayd etilgan. 

Ayni paytda havodagi katta hajmdagi chang va qum surunkali kasalliklari, allergiyasi bor odamlar uchun xavfli hisoblanadi.

SSV matbuot xizmati mazkur holatning inson salomatligiga qanday salbiy ta'siri borligi, undan kimlar va qanday himoyalanishi kerakligi haqida ma'lumot berdi. 

«Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur. Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak. 

Chunki bunday havo tarkibida changlar bilan birga, o‘simlik changchalari, zamburug‘ sporalari juda katta konsentratsiyada bo‘ladi. Shu bois, xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim. 

Nim ta'sir qiluvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni chayish, xonalarni yopiq saqlash, ho‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yish zarur. 

Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi», deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. 

Shuningdek, agar tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda allergolog shifokorga murojaat qilish kerakligi ta'kidlangan.

4 noyabr kuni Toshkent shahrida 678 kishi nafas qisishi bilan bog‘liq muammolar tufayli «Tez yordam»ga murojaat qilgan.

«3 noyabr kuni «Tez yordam» xizmatiga bo‘lgan jami chaqiriqlar soni 3433tani tashkil etgandi. Kecha esa bu ko‘rsatkich 4082taga yetdi. Shundan 678tasi bevosita nafas siqishi bilan bog‘liq murojaatlardir. Ushbu bemorlarga brigadamiz tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ma'lum qismi gospitalizatsiya qilindi», deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyev.

SSV mamlakat aholisi bunday ob-havo sharoitida zarurat sezganda, «103» xizmatiga murojaat qilib, tunu kun sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin. 

Bundan tashqari, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13ta filiali hamda tuman va shahar bo‘limlarida zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta'minlangan. Qolaversa, ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligining «1003» qisqa raqamli Sall-markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Top