09:40 / 06.11.2021
33713

O‘zbekistondagi changli g‘uborning sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasviri e'lon qilindi

Joriy yilning 5 noyabr kuni birinchi yarmida sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvir e'lon qilindi. Unda changli g‘ubor O‘zbekiston hududini qanchalik qoplab olganini ko‘rish mumkin.

Foto: UzbMeteo

UzbMeteo gidrometeorologik ilmiy tahlillar, ob-havo prognozlari, tadqiqotlar, ma'ruzalar kanalida yozilishicha, changli g‘ubor hodisasi bilan bog‘liq xiralik Qozog‘istonning janubiy viloyatlari, Tojikistonning So‘g‘d, O‘zbekistonning Toshkent, Sirdaryo, qisman Jizzax hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlari atmosferasini bulut misol qoplab olgan.

“Surxondaryo viloyati osmonida ham biroz xiralik mavjud ekanligi tasvirdan ayon”, deyiladi kanalda.

Ma'lumot uchun, 4 noyabr kechasida Toshkent havosida chang miqdori belgilangan miqdordagidan 30 barobargacha ortgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘zgidromet” vakili ma'lum qildi.

“O‘zgidromet” kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday changli g‘ubor hodisasi kuzatilmagan.

Respublika hududida 12 noyabr kuniga qadar yog‘ingarchiliklar (janubiy viloyatlardan tashqari) kuzatilmasligi turli xil iqlimiy model, sun'iy yo‘ldoshlardan olinayotgan real vaqtdagi tasvirlar, yer usti va atmosfera qatlamlaridagi ob-havo xaritalari tahlili asosida mutaxassislar tomonidan prognoz qilinmoqda. Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, atmosfera havosida chang-g‘uborlarning yaqin kunlar ichida saqlanib qolish ehtimoli mavjud.

Top