21:07 / 08.11.2021
23364

Belarus va Polsha chegarasida yuzlab migrantlar to‘plangan. Varshava harbiylarni jangovar shay holatga keltirdi

Dushanba kuni Belarus va Polsha chegarasidagi Bruzgi-Kuznitsa nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida yuzlab qochqinlar to‘plandi - Minsk va uning qo‘shnilari o‘rtasida migratsion inqiroz boshlanganidan buyon bu yerda qochqinlarning bu qadar katta oqimi kuzatilmagandi. Belarus hukumati yana bir bor Varshavani noinsoniylikda aybladi, Polsha mudofaa vazirligi esa mamlakat chegaralari himoya qilinishini ma'lum qildi.

Sakkizinchi noyabr tongida Polsha mudofaa vazirligi havodan turib olingan videoyozuvni e'lon qildi: bu kadrlarda "Kuznitsa"da (chegaraning Polsha tomonidagi KPP) yuzlab odamlar to‘planganini ko‘rish mumkin. Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchakning xabar qilishicha, chegaradagi 12 mingdan ortiq harbiy jangovar holatga keltirilgan.

"Biz Polsha chegaralarini himoya qilishga shaymiz", - deb yozdi u Tvitterdagi sahifasida. Xabarlarga ko‘ra, Litva ham o‘z harbiylarini Polsha chegaralari tomon jo‘natgan.

Polsha hukumati chegaradagi vaziyat tufayli shoshilinch yig‘ilish chaqirgan.

Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda migrantlar guruhi (yoki Belarus hukumati ta'biri bilan aytganda "turistlar") o‘z yuklarini orqalagan holda, formadagi kishilar hamrohligida Polsha chegarasi tomon harakatlanayotgani aks etgan video tarqalgandi. Migrantlar chegaradan uzoq bo‘lmagan hududda, o‘rmon ichida yuklarini tushirib, chodirlar tikishgan.

8 noyabr kuni kunduzi migrantlar xodalar bilan chegaradagi simto‘siqlarni buzishga harakat qilishdi. Polshalik chegarachilar ularga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan.

Minsk Varshavani migrantlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lishda ayblab keladi, hozir ham shunday ayblov takrorlanmoqda. Belarus chegara qo‘mitasi "Polsha rasmiylarining befarqligi g‘ayriinsoniy munosabati qochqinlarni ilojsizlikdan shunday qadam tashlashga majbur qilgani" haqida bayonot berdi.

"Belarus tomoni xalqaro aloqa kanallari uzluksiz ishlashi, shuningdek, avtomagistral bo‘ylab harakatlanayotgan odamlar xavfsizligini ta'minlash uchun zarur choralarni ko‘rmoqda", - deyiladi muassasa xabarida.

Varshava esa Minskni provokatsiyaga urinishda ayblaydi. Yevroittifoq davlati rasmiylarining fikricha, Belarus Yaqin Sharqdan qochqinlarni qabul qilib, ularni Litva va Polshaga yuborish orqali gibrid urush olib bormoqda. Aleksandr Lukashenko ko‘p marta bunday ayblovga munosabat bildirgan, sanksiyalar tufayli Minskda migrantlar muammosini hal qilish uchun pul yo‘qligini aytgan.

Avvalroq Fransiya Lukashenkoning qarindoshlarini Turkiya va BAA orqali noqonuniy migratsiya tashkil etishda ayblagan, Germaniya IIVdagilar (2021 yilda bu yerga Belarus orqali 4 mingga yaqin noqonuniy migrant kelgan) bu ishlarda "Moskvaning qo‘li"ni ko‘rgan.

28 oktabr kuni Belarus parlamenti deputati Andrey Savinix Belarusdagi turfirmalar va TIV Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridan keluvchilarga viza berayotganini tasdiqlagandi.

Lekin u migrantlar haqida emas, "oddiy turistlar" haqida gapirgan, Savinixning fikricha, ularning bir qismi Polsha va Litva chegaralarini kesib o‘tishni istagan.

Mavzuga oid
Top