11:15 / 09.11.2021
12388

Hindistonda Zika virusi avj olishi qayd etildi. Infeksiya tez tarqalmoqda

Hindistonning aholi eng zich joylashgan shtati Uttar-Pradeshdagi Kanpur shahrida kamida 89 nafar odam, jumladan 17 nafar bola Zika virusini yuqtirgan.

Foto: Getty Images

Kanpur bosh sanitar vrachi Nepal Singh shtatda Zika virusi avj olganini ma'lum qildi. Hindistonda ilk holat 2017 yilda Gujarotda qayd etilgan.

Chivinlar tashuvchi bo‘lgan virus bolalardagi mikrotsefaliya holatlari va autoimmun kasallik Giyen Barre sindromi holatlari bilan bog‘liq. Chivinlardan tashqari virus jinsiy yo‘l bilan ham yuqishi mumkin.

Bu Uttar-Pradeshda Zika virusining ilk ma'lum bo‘lgan epidemiyasidir. 23 oktyabrda Kanpurda virusni ilk yuqtirish holati qayd etilgach, kasallanganlar soni tobora orta boshladi. Ular orasida bir nafar homilador ayol ham bor.

Uttar-Pradesh shtati bosh vaziri Yogi Adityanathning tan olishicha, infeksiya tez tarqalyapti. U mahalliy amaldorlarga sanitariya choralarini kuchaytirish haqida ko‘rsatma bergan. “Kasallik jiddiyligidan kelib chiqib, ehtiyotkorlikning o‘ziga xos choralari talab etiladi. Shuning uchun har bir bemor doimiy kuzatuv ostida bo‘lishi kerak”, - dedi u.

Zika virusi

Flavivirus turiga oid ushbu virusni Aedes turiga mansub chivinlar tashiydi va kasallik chaqiradi. Tana harorati biroz ko‘tarilishi, toshma, kon'yunktivit, charchash, bosh og‘rig‘i va bo‘g‘imlardagi og‘riq, isitma va bo‘g‘imlar shishishi kabi belgilar bilan kechadi.

Ilk marta virus 1947 yil Ugandadagi maymunlarda aniqlangan. Odamlarga ilk marta yuqish holati esa 1954 yilda Nigeriyada qayd etilgan. O‘sha vaqtdan beri Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Tinch okeani orollarida ushbu kasallik avj olish holatlari kuzatilgan. 2015 yilning may oyida virus Braziliyaga yetib bordi va u yerda tez tarqala boshladi.

Zika virusini davolash usullari mavjud emas. Faqatgina uni tashuvchi chivin chaqishi oldini olishga harakat qilish mumkin. O‘lim holatlari kam uchraydi va har beshinchi infeksiyalangan odamdan faqat bittasida kasallik belgilari namoyon bo‘ladi.

Top