14:56 / 10.11.2021
8520

Eldor Shomurodov Osiyoda hafta qahramoni nomiga da'vogar

Foto: Getty Images

Italiyaning «Roma» va O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan har hafta aniqlanib kelinayotgan xorij chempionatlaridagi osiyolik eng yaxshi o‘yinchi nomiga da'vogarlar ro‘yxatiga kiritildi.

OFK rasmiy sayti so‘nggi bir hafta davomida xorij chempionatlarida o‘zini ko‘rsata olgan osiyolik futbolchilarni e'tirof etib, hafta qahramonini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazmoqda. Haftaning eng yaxshi futbolchilari qatoriga Osiyodan tashqarida to‘p surayotgan 10 nafar osiyolik o‘yinchilar kiritilgan. Bu safar ham faqatgina erkak o‘yinchilar emas, xorij ligalarida to‘p surayotgan 2 nafar ayol o‘yinchilar ham joy olgan.

Hafta qahramonligi uchun Eldor Shomurodovdan tashqari, Eron milliy jamoasi va «Zenit» klubi forvardi Sardor Ozmun, Shahob Zohidi (Zarya / Eron), Said Izzatullohi (Veyle / Eron), Takehiro Tomiyasu (Arsenal / Yaponiya) singari o‘yinchilar ham da'v'ogarlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik hujumchi yakunlangan haftada «Venetsiya» bilan o‘yinda (2:3) «Roma» safida A Seriyadagi ilk golini kiritish bilan birga Abrahamning goliga assistenlik ham qildi. Whoscored statistik portali rimliklar safidan Eldorni o‘yindagi eng yaxshi o‘yinchi deb topib, uni A Seriya ramziy jamoasiga kiritgandi. 

Ma'lumot uchun, so‘rovnoma 11 noyabr kuniga qadar davom etadi. Unda ishtirok etmoqchi bo‘lgan muxlislar quyidagi manzilga o‘tib, ovoz berishlari mumkin.

Top