14:30 / 11.11.2021
17331

Videoo‘yinlar, strimlar va kibersport - yo‘qotilayotgan bolalik yoki professional kasb

Shiddat bilan ommalashgan videoo‘yinlar soatlab vaqtini shunga ketkazayotgan dunyo yoshlari oldida ikkita yo‘l qoldirmoqda – bolalikni yo‘qotish yoki o‘yin o‘ynab daromad olish. Ikkinchi yo‘lda ko‘zlangan manzilga kompyuter o‘yinini o‘ynayotganlardan mingdan birigina yetib bora oladi. Kun.uz ana shunday yoshlar bilan suhbatlashdi.

Bugun videoo‘yinlar bilan professional shug‘ullanayotganlar soni aktiv sportning uncha-muncha turidan ko‘proq. 2021 yil oktabr oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan “The International” kibersport bo‘yicha jahon chempionatida Rossiya terma jamoasi birinchi o‘rinni egallab, 18 mln dollarni qo‘lga kiritdi.

1940-50-yillarda paydo bo‘lgan videoo‘yinlar bugun dunyo iqtisodiyotida katta o‘rin egallagan yo‘nalishlardan biriga aylanib ulgurgan. O‘zbekistonga ham 1990-yillarda videoo‘yinlar kirib kela boshladi. Hozirda o‘rta yoshdagi insonlar “Super Mario” va “Mortal Kombat” kabi o‘yinlarni yaxshi eslashadi.

Avvallari videoo‘yinlar vaqt o‘tkazish va charchoq chiqarish uchun o‘ynalgan bo‘lsa, bugun bu soha bilan professional shug‘ullanayotgan insonlar bor. Bugun dunyo o‘zgardi, shu o‘rinda videoo‘yinlar ham. Ularning yangi turlari ko‘payib, soha o‘ziga xos bozor sifatida shakllandi. Hatto keyingi Olimpiada o‘yinlari orasida kibersport bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi ham belgilandi.

Kun.uz O‘zbekistonda kibersport va unga yaqin yo‘nalishlarda mashg‘ul yoshlar bilan suhbatlashdi.

Diskleymer: Mazkur ko‘rsatuv kompyuter o‘yinlarini o‘ynashga targ‘ibot emas. Eslatib o‘tamiz, kompyuter o‘yinlariga berilib ketish bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. 2018 yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti onlayn va videoo‘yinlarga qaramlikni kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan.

G‘ayratbek Madaminov

G‘ayratbek Madaminov Xorazm viloyatidan. Taxallusi – Fezot. Yoshligidan kompyuter o‘yinlariga qiziqqan va ko‘p vaqtini shunga sarflagan.

G‘ayratbek 2019 yilda YouTube ijtimoiy tarmog‘ida videoo‘yinlarni sharhlab boruvchi (strim) kanal ochishga qaror qiladi va ushbu ishni boshlaydi. Hozirda uning kanalida 174 mingdan ziyod obunachi bor. Asosan qiziqarli, yangi chiqqan hamda obunachilar tomonidan tanlangan videoo‘yinlarni o‘ynash va ularni sharhlash bilan shug‘ullanadi.

Azizjon Jo‘rayev

Ikkinchi qahramonimiz esa namanganlik strimer va kibersportchi Azizjon Jo‘rayev. Uning taxallusi – Azik. Rossiyaga o‘qishga borgan Azizjon karantin paytida ushbu yo‘nalishga kirib qolgan. U hozirda ommalashgan “Pubg mobile” o‘yinini o‘ynash bilan birga 195 ming obunachiga ega YouTube tarmog‘idagi kanalida sharhlab ham boradi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda o‘tkazilib turiladigan kibersport musobaqalarida qatnashadi.

Hikmatillo Sharobiddinov

Keyingi qahramonimiz – MDH davlatlarida o‘tkaziladigan kibersport musobaqalarida O‘zbekiston nomidan norasmiy tarzda qatnashib kelayotgan Hikmatillo Sharobiddinov. Hikmatillo ham ishlash uchun Rossiyaga borib, bo‘sh vaqtida mobil o‘yinlar o‘ynashi ortidan kibersportga qadam qo‘ygan. U hozirda Yevropa turnirlarida ham ishtirok etish uchun harakat qilmoqda.

Senator taxallusli Hikmatilloning YouTube kanalida 176 ming obunachisi bor

Ushbu yoshlar hozirda strim va kibersport orqasidan daromad olayotgani e'tiborga molik. Masalan, Hikmatillo Sharobiddinov o‘zining jamoasi bilan MDH mamlakatlari o‘rtasida o‘tkaziladigan turnirlarda qatnashib, O‘zbekiston sharafini himoya qilyapti. Uning ta'kidlashicha, xalqaro turnirlarda qatnashayotgan jamoalar orasida faqat o‘zbeklardan tashkil topgan va ancha taniqli bo‘lgan kibersport jamoasi hozircha bitta. Azizjon Jo‘rayev ham o‘z jamoasini yig‘ishni boshlagan va hozirda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan kibersport turnirlarida qatnashib kelmoqda.

Daromad manbayi bo‘lish bilan bir qatorda videoo‘yinlarning zararli tomonlari ham ko‘p. Qahramonlarimiz o‘yin o‘ynash vaqti va chegarasiga amal qilishga intilishadi.

Ularning fikriga ko‘ra, yosh bolalarga videoo‘yinlar o‘ynash vaqtini cheklash kerak. Chunki kompyuter o‘yinlariga qaramlik ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan insonga salbiy ta'sir qilishi isbotlangan.

Tohirjon Tursunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid
Top