22:33 / 11.11.2021
7103

Xitoyda Si Tszinpin siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “tarixiy rezolyutsiya” qabul qilindi

Foto: Getty Images

Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi mamlakat rahbari Si Tszinpinning siyosatini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Ta'kidlanishicha, Xitoyda Kompartiyaning 100 yillik tarixi davomida partiyaning yutuqlari haqidagi bunday hujjat bor-yo‘g‘i uchinchi marta qabul qilinmoqda.

Bungacha Xitoy yetakchilari orasida 1945 yilda Mao Tszedun va 1981 yilda Den Syaopin rezolyutsiyalari ma'qullangan. Ushbu hujjatning qabul qilinishi Xitoyning amaldagi raisi yutuqlarini Tszedun va Syaopin erishgan yutuqlarga tenglashtirishga qaratilgan.

“O‘rtoq Si Tszinpin yangi davrda partiya va davlatga taalluqli bir qator nazariy va amaliy masalalar ustida sinchkov tahlil va chuqur fikr yuritish orqali davlat boshqaruvi sohasida bir qator yangi g‘oyalar, fikrlar va strategiyalarni bildirdi”, deb aytilgan rezolyutsiyada.

Unda “butun partiya, armiya va xalq partiya markaziy qo‘mitasi atrofida yanada jipslashishga va Si Tszinpin rahbarligidagi sotsializm davriga o‘tishni to‘liq amalga oshirishga” chorlov bor.

OAVda ta'kidlanishicha, hujjatning qabul qilinishi Si Tsiznpin unga Xitoy raisi lavozimini uchinchi 5 yillik muddat va undan ko‘proq egallashiga imkon beradigan darajada mashhurlikka erishganini anglatadi.

2018 yilda Xitoy parlamenti davlat rahbari lavozimini egallash muddatlariga cheklovni bekor qilgan va shu tariqa amaldagi raisning umrbod hokimiyat tepasida qolishiga yagona to‘siqni bartaraf etgan.

Si Tszinpin Xitoy raisi lavozimini 2013 yil martidan beri egallab keladi.

Top